Bojxona organlari tomonidan giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi tizimli ravishda kurash olib borilmoqda.

Xususan, Toshkent shahar bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi boʻlimi tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati hamda “Boshpochtamt” bojxona posti xodimlari bilan hamkorlikda bojxona postida tezkor tadbir oʻtkazildi.

Tezkor tadbir davomida bojxona postiga xorijdan kelgan pochta deklaratsiyasida “oʻyin qurilmasi” deya koʻrsatilgan pochta joʻnatmasini qabul qilish uchun kelgan 3 nafar fuqarolar tezkor xodimlar tomonidan kuzatuvga olindi.

Mazkur shaxslar pochta joʻnatmasini qabul qilib olgan vaqtda toʻxtatilib tekshirilganda, joʻnatmadagi “oʻyin qurilmasi” ichida ogʻirligi 47,32 gramm boʻlgan koʻk rangli modda, yaʼni alfa-pirrolinovalerofenon(a-PVP) giyohvandlik vositasi borligi aniqlandi.

Shundan soʻng, fuqarolardan biri boshqaruvidagi “Lasetti” rusumli avtotransport vositasi koʻzdan kechirilganda, transport vositasida giyohvandlik vositalarini “oʻz egalari”ga yetkazish uchun qismlarga ajratish va oʻrash uchun ishlatiladigan elektron tarozi, izolatsiyalovchi lenta, kanselyariya pichogʻi, ombur, metall choyqoshiq, polietilen paketchalar, koʻp miqdordagi sariq rangli polietilen kabel oʻram boʻlaklari va rangli rezina qoʻlqop borligi aniqlandi.