Bojxona organlari tomonidan giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi keskin kurash olib borilmoqda.
Jumladan, Andijon viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi boʻlimi xodimlari “Doʻstlik” chegara bojxona posti va Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qoʻyishdi.
Xususan, mazkur post orqali qoʻshni mamlakatdan yurtimizga kirib kelgan fuqaro X.R.ning oyogʻiga kiyib olgan qora rangli krossovkasi ogʻirligi hamda tag qismi qalinligi bojxonachilar eʼtiborini tortdi va ushbu shaxs belgilangan tartibda bojxona nazoratidan oʻtkazildi.
Natijada, uning oyoq kiyimlari ichida 4 dona polietilen paketlarga oʻralgan, vazni 594,05 grammni tashkil etuvchi “gashish” giyohvandlik vositasi borligi aniqlandi.