Quyida yalangoyoq yurishning 6 ta eng muhim foydasi haqida maʼlumot beramiz.
1-foyda. Oyoqlar terisida boshqa joylarga qaraganda koʻpgina sezgi retseptorlari joylashgan. Ayniqsa, tovonda ichki organlar faoliyatiga javob beruvchi reflekslar boʻlib, bu mashgʻulot tufayli tana aʼzolari, xususan, miya faoliyati yaxshilanadi.
2-foyda. Yalangoyoq yurganda teri yerda hosil boʻluvchi manfiy ionlar deb ataluvchi zaryadlangan zarralar bilan aloqada boʻladi. Bu ionlar esa tanadagi ijobiy zaryadlangan erkin radikallarni muvozanatlashga yordam berib, yalligʻlanishlar va surunkali kasalliklar rivojlanish xavfini kamaytiradi hamda organizmning umumiy holatiga ijobiy taʼsir etadi.
3-foyda. Ushbu mashgʻulot oyoqlardagi koʻplab mayda nervlarning faollashishiga olib keladi. Bu esa qon aylanishini yaxshilab, immunitetni oshirish va stressni kamaytirishga yordam beradi.
4-foyda. Yalangoyoq yurishning yana bir foydasi shuki, u oyoq mushaklarini kuchaytirib, valgus deformatsiyasi, yassioyoqlik kabi koʻpgina ortopedik kasalliklarning oldini olishda asqatadi.
5-foyda. Tez-tez yalangoyoq yurish natijasida uyqu yaxshilanib, organizmdagi ogʻriqli hislar kamayadi. Hatto, 30-40 daqiqalik bunday mashgʻulot bilan stressni yengillatish, qon aylanishini yaxshilash mumkin. Shu bilan birga, u yuqori nafas yoʻllari infeksiyalarining oldini olishda ham anchagina foydali.
6-foyda. Yozda issiq qum yoki tuproq ustida yalangoyoq harakatlanish orqali oyoqlarda paydo boʻladigan zamburugʻlarga qarshi faol kurashish mumkin. Ayniqsa, issiq havoda oyoq terlashini kamaytirish va yoqimsiz hidlarni yoʻq qilish uchun ham yalangoyoq yurish tavsiya etiladi.
Qandli diabetga chalingan va oyoqlarda yoriqlar, kesmalar paydo boʻlish xavfi bor insonlarga bu mashgʻulot tavsiya etilmaydi. Shuningdek, yer yuzasi sovuq boʻlishi mumkinligi sababli surunkali buyrak xastaligi, revmatizm va podagra kabi kasalliklardan aziyat chekuvchi insonlarga ham poyabzalsiz yurish mumkin emas.