Oʻsmat shaharchasi va uning tarkibidagi ushbu mahalla qadim tarixi, bu yerda yashab oʻtgan buyuk kishilari tufayli yurtimizning mashhur joylaridan biri sanaladi. Mahallada “Oʻsmat ota” ziyoratgohi bor. Tarixiy manbalarda qayd etilishicha, ushbu ziyoratgohdagi qabr islom madaniyati rivojiga ulkan hissa qoʻshgan ulugʻ va mashhur olimlardan biri Abulfath Muhammad ibn Abdulhamid ibn al-Hasan al-Usmandiyga taalluqli.
Ushbu mahallaning Yoʻldoshboy qishlogʻida taniqli shoir, yozuvchi, yirik sharqshunos olim Bahrom Ibrohimov tugʻilib voyaga yetgan. Ikkinchi jahon urushi arafasida hamda urush yillari xorijda oʻta muhim maxfiy topshiriqlarni bajarib, gʻalabaga beqiyos hissa qoʻshgan bu insonni koʻpchilik “Ilon izidan”, “Maxsus topshiriq” “Soʻnggi va birinchi subhidam” romanlari va shu nomdagi filmlarning bosh qahramoni prototipi — razvedkachi sifatida ham biladi.
Qutlugʻjon Rahmonov ushbu tabarruk mahallada yashagan ulugʻ insonlarning avlodi. U 2002-yilda muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan. 2004-yildan 2008-yilga qadar DXX chegara qoʻshinlari safida shartnoma asosida xizmatni davom ettirgan.
Qutlugʻjonning harbiylikni tanlashi bejiz emasdi. Uning qisqa hayot yoʻli vatanimizdagi katta oʻzgarishlar davriga toʻgʻri keldi. 1991-yil 1-sentyabrda — Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligi eʼlon qilingan sanada 1-sinfga borgan. Hali daftarning birinchi sahifasidek toza qalblarga yurtda roʻy bergan buyuk tarixiy oʻzgarish — mustaqillik haqidagi tasavvurlar bitilgan.
— 1990-yillarning boshida yurtimizda kechgan siyosiy jarayonlar yoshlar ongining shakllanishida muhim oʻrin tutdi, — deydi Qutlugʻjonning sinf rahbari Turdimurod Beknazarov. — Birinchi sinfda oʻqigan paytlaridayoq Qutlugʻjonning qalbiga ona yurt mehri, vatan himoyasi haqida dastlabki tushunchalar joylashgan. Oʻsha yillari maktablarda mustaqillik gʻoyalarini singdirishga katta eʼtibor qaratilgani tufayli yoshlar siyosiy jarayonlarga faol munosabatda boʻlib ulgʻaydi. Qutlugʻjon barcha fandan aʼlo baholarga oʻqish bilan birga haqiqiy vatanparvar boʻlib ulgʻaydi. Oʻquvchilar bilan oʻtkazgan suhbatlarimda, yozdirgan insholarimda u bildirgan fikr-mulohazalardan yurtni sevish, burchga masʼuliyat hissi sezilib turardi. Bu ezgu tuygʻular uning boʻyiga, yoshiga monand oʻsib bordi. Shuning uchun oʻquvchimning vatanimiz sarhadlarini, xalqimizning tinchligini himoya qilishda jasorat koʻrsatib, jonini fido qilganini tasodif deb oʻylamayman. Chunki Qutlugʻjon uchun “vatan”, “vatanni himoya qilish”, “burch” degan soʻzlar oddiy emas, balki hayoti mazmunini ifodalovchi tushunchalar edi. Shu bois uning jasoratini vatanga muhabbatning amaldagi ifodasi, haqiqiy mardlik va qahramonlik deb bilaman.
Muallim aytganidek, vatanga muhabbat, burch, sadoqat tuygʻulari shunchaki chiroyli soʻzlar, balandparvoz shiorlar emasligini toʻgʻri anglagan insonlar yurtning haqiqiy posbonlari boʻla oladi. Ular kerak boʻlsa, vatan uchun jon berishga ham tayyor. Qutlugʻjon Rahmonov chegara xizmatiga kirishda odamiylikning bu qonuniyatini yurakdan his etgan, albatta. Buni hayotida isbotladi ham.
U xizmat davomida jangovar topshiriqlarni aʼlo darajada bajarishi bilan namuna boʻlib keldi. Xizmat davomida tezkor amaliyotlarni bajarishdagi yutuqlari shaxsiy varagʻida qayd etilgan. Qutlugʻjon jangovar topshiriqlarni bajarishda jinoiy guruhlar tomonidan katta miqdordagi moddiy tovar buyumlari olib oʻtilishiga chek qoʻygan, chegara buzilishi bilan bogʻliq koʻpgina jinoiy harakatlarni bartaraf etgan. Ammo jangovar topshiriqlarni bajarish har doim ham bexatar boʻlmaydi. Ayniqsa, 15-20 yil ilgari qoʻshni davlatlar bilan chegaralardagi vaziyat ancha murakkab edi. Qutlugʻjonning xizmat davri ham oʻsha paytlarga toʻgʻri kelgandi.
2008-yil 13-noyabrdan 14-noyabrga oʻtar kechasi yurtimiz chegara hududlaridan birida noxush voqea yuz berdi. Fargʻona viloyatining Sattorobod aholi punkti yaqinidagi davlat chegarasida reyd olib borilayotgan paytda Qirgʻiziston hududidan bir guruh shaxs mamlakatimiz hududiga noqonuniy oʻtishga urinayotgani aniqlandi.
Hodisadan xabardor boʻlgan Qutlugʻjon Rahmonov xizmat burchini yuksak masʼuliyat va jasorat bilan ado etdi. U jinoyatchilarning mamlakat hududiga noqonuniy oʻtib, yashirinish niyatida ekanini anglab, avtotransport vositasidan foydalangan holda davlat chegarasini buzib oʻtishga uringan jinoyatchilarga toʻsiq qoʻyish maqsadida samarali harakatlarni bajaradi.
Biroq jinoyatchilar qanday qilib boʻlsa ham chegaradan oʻtib ketishga intilib, avtomashinani Qutlugʻjon Rahmonov tomon haydaydi. Chegarachimiz soʻnggi lahzagacha burchiga sadoqat bilan yondashib, jiddiy qarshilik koʻrsatadi va jinoyatchilarning rejasini amalga oshirishiga yoʻl qoʻymaslikka urinadi. Ammo shifokorlar koʻrsatgan tezkor tibbiy yordamga qaramay, olgan ogʻir tan jarohati tufayli vatan himoyasi yoʻlida qahramonlarcha halok boʻladi.
Bugun ushbu voqeaga oʻn yetti yil boʻldi. Hozir davlatimiz chegaralari tinch, barqaror. Sarhadlarimizni Qutlugʻjonga oʻxshagan burchiga sadoqatli, jasur va mard yigitlar qoʻriqlamoqda. Ular safida Qutlugʻjon Rahmonovning nomi ham bor. Uning ism-familiyasi oʻzi xizmat qilgan chegara qismi shaxsiy tarkibi roʻyxatiga mangu kiritilgan. Harbiy anʼanaga koʻra, har kunlik yoʻqlamada uning nomi oʻqilganda bir ovozdan “Safda!” deb javob beriladi.
Davlat chegarasi daxlsizligi, vatan xavfsizligini taʼminlash boʻyicha jangovar vazifani bajarishda koʻrsatgan mardligi, fidoyiligi uchun Qutlugʻjon Rahmonov vafotidan soʻng “Jasorat” medali bilan taqdirlangan.
Jamoatchilik taklifi bilan uning xotirasini abadiylashtirish maqsadida tugʻilib oʻsgan mahallasiga “Qutlugʻobod” deb nom berildi. U oʻqigan Baxmal tumanidagi 3-maktabda Qutlugʻjon Rahmonov xotirasiga bagʻishlab alohida xona ajratilgan. Unda chegara qoʻshinlari hayotini aks ettiruvchi stend, buklet va koʻplab fotosuratlar, Qutlugʻjonning yaqinlariga, doʻstlariga yozgan maktublari qoʻyilgan.
Tuman “Xalq ijodiyoti va tarixi” muzeyida Baxmalning boy tarixi, mashhur kishilari qatoridan Qutlugʻjon Rahmonov xotirasi uchun ham alohida joy ajratilgan. Muzeyda unga tegishli 18 ta eksponat bor. Har yili muzeyga minglab yurtdoshlarimiz, xususan, oʻquvchi yoshlar va harbiy qism xizmatchilari keladi.
— Qutlugʻjon harbiylikni tanlaganida, gapning ochigʻi, juda quvonganman, qalbim gʻururga toʻlgan, — deydi otasi Abdumannon Rahmonov. — Farzandimning chegarachi boʻlishiga qarshilik qilmay, onasi bilan birga oq fotiha berganmiz. Nachora, harbiylik oson emas. Ammo yaqinlarni yoʻqotish, ayniqsa, farzanddan ayrilish ota-ona uchun juda ogʻir. Bu qismat hech kimning boshiga tushmasin. Har yili Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil topgan sana, Vatan himoyachilari hamda Xotira va qadrlash kunlarida Qutlugʻjonni xotirlab, uyimizga hududdagi chegara qismi xizmatchilari, u oʻqigan maktab oʻquvchilari keladi. Oʻgʻlim yaxshi nom qoldirib ketgani, elimiz uni unutmagani koʻnglimizga tasalli beradi. Yaqinda Prezidentimizning Gʻalaba bogʻidagi “Millat fidoyilari” monumenti oldida bizga qarata aytgan “Bu jasur oʻgʻlonlar tahlikali vaziyatda oʻzini oʻylamay, burchiga sodiq qolib, xalqi uchun jonini fido qilgan. Hozirgi tinchlikda, osmonimiz musaffoligida ularning katta hissasi bor. Oilalari, barcha yaqinlari bilishi kerakki, ular oramizda xuddi tirikdek, nomlari hech qachon oʻchmaydi. Buni mana shu maydonda muhrlab qoʻydik. Men ularning ota-onalariga, turmush oʻrtoqlariga taʼzim qilaman. Farzandlari qahramon otalariga munosib boʻlishini istayman”, degan soʻzlari koʻnglimizni togʻdek koʻtardi.
Qutlugʻobod mahallasi Baxmal tumanidagi turistik maskanlardan. U yerdagi “Oʻsmat ota” ziyoratgohiga yurtimizning turli hududidan, xorijiy mamlakatlardan sayyohlar kelib turadi. Ular Oyqor togʻlari bagʻrida joylashgan mahallaning noyob tabiati, tarixiy yodgorliklari, oʻziga xos etnografiyasi, aholining urf-odatlaridan zavq oladi. Mahalla nomi bilan qiziquvchilarga qutlugʻobodlik har bir kishi Qutlugʻjon Rahmonov jasorati haqida soʻzlab beradi. Jasur chegarachining nomi qayta-qayta tilga olinadi. Aslida, inson umri yillar bilan emas, balki qilgan ezgu amallari va hayotining mazmuni bilan oʻlchanadi. Shu bois, Qutlugʻjon Rahmonov nomi, jasorati xalqimiz xotirasida umrbod yashaydi.
Farhod NEʼMATOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri