Oʻz fanidan xalqaro yoki milliy sertifikatga ega boʻladigan oʻqituvchilarga 50 foizgacha ustama olish imkoniyati paydo boʻladi

    Prezidentimizning “2022–2026-yillarda xalq taʼlimini rivojlantirish boʻyicha milliy dasturni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi yangi Farmonga koʻra, umumtaʼlim fanlari boʻyicha tegishli darajadagi sertifikatga ega boʻlgan pedagog kadrlarga quyidagi tartibda har oylik qoʻshimcha ustama toʻlanadi:

    xalqaro tan olingan sertifikatga ega boʻlgan pedagog kadrlarga –ularning tarif stavkasiga nisbatan 50 foiz miqdorida;

    xalqaro standartlar talablariga javob beradigan milliy baholash tizimida olingan sertifikatga ega boʻlgan pedagog kadrlarga – ularning tarif stavkasiga nisbatan 50 foiz miqdorida.

    Bunda, milliy baholash tizimining xalqaro standartlar talablariga javob berishi vakolatli xalqaro tashkilotlar tomonidan tasdiqlangan boʻlishi lozim;

    Davlat test markazining mazkur bandning toʻrtinchi xatboshida koʻrsatilmagan milliy test tizimida olingan sertifikatga ega boʻlgan pedagog kadrlarga – ularning tarif stavkasiga nisbatan 20 foiz miqdorida.

    Bunda, 2025-yil 1-yanvarga qadar chet tili fanidan kamida S1 darajadagi milliy sertifikatga ega boʻlgan pedagog kadrlarga har oylik ustama 50 foiz miqdorida toʻlanadi;

    Xalq taʼlimi vazirligi rasmiy veb-saytida har yili 1-avgustga qadar milliy baholash tizimiga muvofiq boʻlishi lozim boʻlgan xalqaro standartlar roʻyxati, taʼlim sohasida xizmat koʻrsatuvchi vakolatli xalqaro tashkilotlar roʻyxati hamda xalqaro tan olingan va milliy baholash tizimida berilgan sertifikatlar (ularning kombinatsiyasi) roʻyxatini hamda har oylik ustama olish uchun ularning tegishli darajalarini eʼlon qilib boradi.

    Shuningdek, 2022-yil 1-sentyabrdan boshlab Xalq taʼlimi vazirligi tizimidagi umumiy oʻrta taʼlim muassasalari kutubxonalari va “Bolalar kutubxonalari” xodimlarining lavozim maoshi miqdori 1,2 baravarga oshiriladi.