Xususan mamlakatimizdagi eng yirik elektr stansiyalardan biri boʻlgan “Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasi” aksiyadorlik jamiyatida bugungi kunda 581 nafar xotin-qizlar turli vazifalarda faoliyat olib boryapti. Stansiya rahbariyati, Xotin-qizlar jamoatchilik kengashi, Kasaba uyushmasi qoʻmitasi va korxona yoshlar ittifoqi tomonidan xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish, ular uchun qulay mehnat sharoitlarini yaratish, ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash masalalariga alohida eʼtibor qaratilgan.

Namunali kasbiy mahorati bilan barchaga oʻrnak boʻlgan mehnat faxriylarini sharaflash ayol zotiga eʼtibor qaratish, hukumatimiz tomonidan xotin-qizlarning oila va jamiyatdagi mavqeini oshirish, onalik va bolalikni ijtimoiy himoya qilish kabi keng koʻlamli ishlar zamirida albatta ona siymosi yotadi.

Matonatli va sharafli kasbi orqali oilasini tebratayotgan fidoiy kasb egasi boʻlgan Ziyoda Mirzabekova mana 13 yildirki “Sirdaryo IES” AJ korxonasida oddiy ishchi yaʼni farrosh boʻlib ishlab kelyapti. U hech qachon bu kasbidan nolimagan, chunki uning ahil jamoasi va jonajon elektr stansiyasi hayotining bir boʻlagiga aylangan deyish mumkin.

— Men ushbu kasbim orqasidan qadr topdim, jamoada hurmatim bor, — deydi, kamtarin Ziyoda opa. — 1990-yil 18-oktyabrda turmush qurdim, 2009-yil maʼlum sabablarga koʻra ushbu turmushimdan ajrashdim. Men hayotimdan nolimayman chunki 4 ta qizim va 1 nafar oʻgʻlim bor. Hozirda 3 ta qizimni uzatdim. Bugungi kunda oʻgʻlim Toshkent soliq fiskal institutining 1-bosqich talabasi, kenja farzandim yaʼni Mahliyo qizim hozirda Shirin shahar 3-umumtaʼlim maktabining 9-sinf oʻquvchisi, 4 nafar nabiram bor. Men doim olgʻa intilishga, hayot qiyinchiliklarini yengib oʻtishga harakat qilaman. Baxtim, saodatim shu bolalarim bilan.

2009-yil 2-iyulda “Sirdaryo IES” AJ korxonasining maʼmuriy xoʻjalik boʻlimiga farrosh boʻlib ishga kirdim. Bolaligimdan eng katta orzularimdan biri ona tili fani oʻqituvchisi boʻlish edi. Ammo, hayot har doim ham sen istagandek boʻlavermas ekan. Lekin qaysidir maʼnoda oʻz jamoamda oʻqituvchiman, — deb kulib qoʻyadi Ziyoda opa. — Orzularim roʻyobini farzandlarimda koʻraman. Katta qizim Zilola Shirin shahridagi 2-MTMda tarbiyachisi boʻlib ishlaydi. Ikkinchi qizim Sitora shu stansiyada turbina mashinist kuzatuvchisi boʻlib ishlab kelyapti. Uchinchi qizim Shahnoza uy bekasi. Farzandlarim mehnatkash. Men ularni maqtashga ham haqliman chunki ularni ham onasi ham otasiman. Oʻgʻlim oʻqishni tugatib, soliqchi boʻladi, undan umidlarim katta, menga doim yordam bergan yaxshi insonlar koʻp boʻldi. Men ularni doim duo qilaman. Ulardan minnatdorman deydi, biz bilan suhbatdosh Ziyoda Mirzabekova.

Baʼzida odamlarning xatti-harakatlaridan taajjublanaman, chunki ular oʻzlari yashab turgan ushbu zaminga hurmat bilan qaramaydi, atrof-muhitni ifloslantirish, chiqindilar tashlashni oddiy hol deb qaraydi va biz kabi farroshlarga pastroq nazar bilan qaraydi. Ammo, biz kabi farroshlar bor ekan ularning ish joylari hamda ona zamin doimo musaffo boʻlib kelayotganini oʻylab ham koʻrmaydi. Men ushbu vatanda yashayotganimdan, sevimli shahrimda, oʻzim sevgan kasbim bilan shugʻullanayotganimdan gʻururlanaman va faxrlanaman. Yurtim ravnaqi uning porloq kelajagi uchun oz boʻlsada hissam tegayotgan boʻlsa, bu men uchun yuksak mukofotdir deydi, Ziyoda opa.

— Oʻzlarini fidokorona mehnatlari va namunali hayot yoʻllari bilan barchaga oʻrnak boʻlayotgan Ziyoda opa kabi fidoiy, ilgʻor tajribaga ega xotin-qizlarimiz talaygina, — deydi korxona Kasaba uyushma qoʻmitasi raisi Kamola Musayeva. — Ularning qilayotgan ishlari ulgʻayib borayotgan yoshlarga katta namuna boʻlyapti. Xotin-qizlarni, shuningdek, mehnat jamoalarida ayollarni ijtimoiy himoyaga muhtoj boʻlgan qatlamini yaʼni boquvchisini yoʻqotgan, nogiron va nogironligi bor ayollar holidan xabar olish hamda ularni moddiy qoʻllab-quvvatlashni “Sirdaryo IES” AJ korxonasi kasaba uyushmasi oʻz oldiga asosiy maqsad qilib olgan.

Doniyor Mamurov,

Sirdaryo IES” AJ

matbuot xizmati xodimi.