O'zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga Qashqadaryo viloyati, Nishon tumanida yashovchi fuqaro Akbar Isroilov tomonidan murojaat kelib tushdi.

Iste'molchi  2020-yilning 12-avgust kuni “Umid avtolizing” MCHJ orqali muddatli to'lov evaziga “Spark” rusumli avtomobil xarid qilish maqsadida ikki tomonlama shartnoma imzolaydi.

Shartnomaga binoan, MCHJ hisob raqamiga boshlang'ich to'lov sifatida 29.938.000 (yigirma to'qqiz million to'qqiz yuz o'ttiz sakkiz ming) so'm to'lovni amalga oshiradi. Mashinani oladigan fursat kelib, o'tib ketsa hamki, avtoulovdan darak bo'lmagan.

Iste'molchi bu borada bir necha marotaba tadbirkorga murojaat qilganda, turli bahonalar orqali ular va'dasida turmagan, pulni ham shartnoma muddati tugagan  bo'lsada, qaytarib berishni istashmagan.

Mazkur murojaatni o'rganish natijalari yuzasidan iste'molchiga yetkazilgan zararni O'zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalash stavkasi bo'yicha har bir kechiktirilgan kun uchun jarimasi bilan qo'shib undirish to'g'risida fuqarolik ishlari bo'yicha Toshkent shahar YAkkasaroy tuman sudiga da'vo arizasi kiritildi. Biroq, sud jarayoni boshlangunga qadar 2021-yil 21-aprel kuni “Umid Avto” MCHJ ga to'langan 29938000 (yigirma to'qqiz million to'qqiz yuz o'ttiz sakkiz ming) so'm mablag' iste'molchiga qaytarilishiga erishildi.

O'zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi axborot xizmati