Madaniy meros agentligi tomonidan bugun – joriy yil 22 sentyabr sanasi bilan ro'yxatga olingan (Agentlik tomonidan 21 sentyabr kuni deb bayonot berilgan) ob'ektni auktsion savdolaridan olinishida va ushbu ob'ekt bilan bog'liq tegishli normativ-hujjatlarga o'zgartish va qo'shimchalar kiritilishida amaliy yordam berish to'g'risidagi rasmiy murojaati (Agentlik tomonidan ogohlantirish berildi deb bayonot berilgan) Davaktiv agentligiga bugun – joriy yil 22 sentyabr kuni kelib tushdi va zudlik bilan ish yurituviga olindi.
Madaniy meros agentligining bugungi murojaatida Buyuk Turon ko'chasi, 41-uy manzilida joylashgan binolar Moddiy madaniy merosning ko'chmas mulk ob'ektlari ro'yxatiga kiritilganligini ma'lum qilingan.
Ushbudan kelib chiqib, Davaktiv agentligi va Madaniy meros agentligi rahbarlari o'rtasida o'tkazilgan muloqotda ob'ekt hududida joylashgan bino-inshoot yoki er maydonining qaysi qismi (biri) madaniy meros ob'ekti hisoblanishiga aniqlik kiritish bo'yicha birgalikda ish tashkil etish kelishib olindi va bu to'g'risida Davaktiv agentligining murojaati yuborildi.
Buyuk Turon ko'chasi, 41-uyda joylashgan “Sharq” nashriyot-matbaa AJning bino-inshootlari va ishlab chiqarish uskunalari esa ma'nan eskirgan va ta'mirtalab, aksariyati esa yaroqsiz ahvolga kelib qolgan, shuning uchun ham uni ixcham va zamonaviy binoga ko'chirilishi jamiyat bilan kelishilgan holda amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, Buyuk Turon ko'chasi, 42-uyda joylashgan O'zbekiston milliy axborot agentligi (UzA)ning ma'muriy binosi madaniy meros ob'ekti ro'yxatiga kiritilmagan, ammo ushbu bino Toshkent shahrining tarixiy arxitekturasini, shu jumladan, muhim “modernizm” yodgorligi qiyofasini aks ettirishini inobatga olib, uni saqlab qolish maqsadida savdoning asosiy sharti etib ma'muriy binoning tarixiy qiyofasini saqlab qolish belgilangan.
Shu o'rinda, “Davlat mulkini boshqarish to'g'risida”gi Qonunning 26-moddasiga muvofiq xususiylashtirilmaydigan davlat mulkiga egalik qilishga va (yoki) undan foydalanishga ijara shartnomasiga yoki davlat mulkini ishonchli boshqarish shartnomasiga, davlat mulkidan tekin foydalanish shartnomasiga, davlat-xususiy sheriklik to'g'risidagi bitimga, shu jumladan kontsessiya shartnomasiga asosan yo'l qo'yilishi belgilangan.
Yuqorida ta'kidlanganlarni inobatga olgan holda, Davaktiv agentligi tomonidan Madaniy meros agentligi bilan yaqindan hamkorlik o'rnatgan holda madaniy meros ob'ektiga aniqlik kiritiladi va mulkiy majmuani amaldagi qonunchilikka qat'iy amal qilgan holda shaffof xususiylashtirish jarayonini ta'minlaydi, jarayonning har bir bosqichi to'g'risida ommani xabardor qilib boradi, -deyiladi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi xabarnomasida.