Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, saqlash va ommalashtirish boʻyicha Butunjahon jamiyati vakillarining muzey rahbariyati bilan uchrashuvidan asosiy maqsad Ozarbayjon muzeylarida saqlanayotgan oʻzbek toʻplamlariga bagʻishlangan kitob-albomni tayyorlash jarayonini muhokama qilish boʻldi.
Ushbu kitob-albomga Ozarbayjonning Milliy sanʼat muzeyi, Milliy tarix muzeyi, Milliy gilam muzeyi, shuningdek, Muhammad Fuzuliy nomidagi Ozarbayjon Milliy Fanlar Akademiyasi qoʻlyozmalar institutida saqlanayotgan Oʻzbekistonga oid buyumlar kiritilishi rejalashtirilgan.
Muzeyning Oʻzbekistonga oid toʻplamidan XIX asr oxiriga oid soʻzana, quroq usulida tikilgan dasturxonlar, kumushdan yasalgan noyob idish-tovoqlar, tahorat uchun moʻljallangan toʻplamlar, qoʻlda yasalgan kamarlar va boshqa noyob buyumlar oʻrin olgan.