Ozarbayjonda Chevrolet avtomobillarini yigʻishning boshlanishi va sotuvlariga start berildi

    Transport 19 Sentabr 2021 1188

    2021-yil 17-sentyabrda Hajigabul shahrida (Ozarbayjon) “UzAuto Motors” AJ va “SamAvto” zavodi ishlab chiqarish ”liniyasining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

    General Motors bilan oʻzaro kelishuvga erishilgach, “UzAuto Motors” Chevrolet avtomobillarini Ozarbayjonda sotishni boshlashi haqida eʼlon qildi.

    Ozarbayjon tarafdan ishlab chiqarish boʻyicha hamkor sifatida Boku shahri yaqinida joylashgan Hajigabul sanoat kvartali tarkibiga kiruvchi “Azermash SR” ishtirok etdi. Tomonlar oʻrtasida 2021-yil 21-iyulda imzolangan kelishuv sharofati bilan loyihani amalga oshirish uchun imkoniyat yaratildi.

    Joriy yilning aprel oyida Hajigabul sanoat kvartalining ochilish marosimida Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Haydarovich Aliyev loyihaga start beruvchi ramziy tugmani bosdi. Ozarbayjon Prezidenti oʻz qutlov nutqida Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasidagi iqtisodiy hamkorlikning muhimligini, ikki xalqning madaniy va lingvistik jihatlari mushtarak ekanligini qayd etdi.

    “Azermash SR” zavodida ishlab chiqarish liniyasining tantanali ishga tushirilishida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari Jamshid Qoʻchqorov onlayn tarzda tantanali nutq soʻzladi. Oʻzbekiston delegatsiyasiga “Oʻzavtosanoat” AJ boshqaruvi raisi Shavkat Umurzoqov boshchilik qildi. Ozarbayjon tarafdan, tadbirda Ozarbayjon Respublikasi Iqtisodiyot vaziri Mikayil Jabborov ishtirok etdi.

    Hamkorlikning dastlabki bosqichida “Azermash SR”ning ishlab chiqarish quvvatlarida Chevrolet Nexia, Chevrolet Cobalt, ikkinchi bosqichda Chevrolet Damas va Chevrolet Labo avtomobillarini jami 5 000 donagacha, SamAvto avtobuslarini esa yiliga 1 000 donagacha miqdorda ishlab chiqarish va sotish rejalashtirilgan, deb xabar beradi UzAuto Motors” AJ matbuot xizmati.

    “UzAuto Motors” ning Ozarbayjondagi rasmiy distribyutori “Azermash SR”ga koʻra, mazkur modellardagi narx, funksionallik va sifatning manfaatli va uygʻun nisbati ularning oʻziga xos raqobatbardosh afzalligi boʻla oladi.

    Shavkat Umurzoqovning qayd etishicha: “Ozarbayjonda muvaffaqiyat qozonishga umid bogʻlash uchun bizda yetarli darajada asoslar bor. Ozarbayjon va Oʻzbekistonni koʻp asrlik doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik rishtalari bogʻlaydi, qardosh xalqlarimiz qardosh tillarda soʻzlashadi. Urf-odatlarimiz, tariximiz, madaniyat va dunyoqarashimiz mushtarak, hatto biznes va ishbilarmonlik etikasiga boʻlgan yondashuvimiz ham juda oʻxshash. Yangi avtomobil zavodi mahsulotlari Ozarbayjon aholisi orasida ommalashishiga, yangilangan Nexia, Cobalt, Damas va Labo, shuningdek SamAvto avtobuslari ham ularga manzur boʻlishiga bizda shubha yoʻq”.

    Shuningdek, “UzAuto Motors” AJ bosh direktori Bo Inge Andersson taʼkidlaganidek: “Hozirgi paytda biz modellar qatoriga yana bir nechta avtomobil qoʻshish imkoniyatini oʻrganyapmiz. Shu tariqa, yaqin kelajakda boshlangʻich modellar qatori sezilarli darajada kengayib, katta boʻlmagan va ixcham hajmdagi yengil avtomobillardan tortib to yirik hajmli yoʻl tanlamas SUVlargacha boʻlgan jozibali transport vositalarining keng assortimentini oʻz ichiga olishini kutyapmiz”.

    Eslatib oʻtamiz, 2020-yil mart oyida Qozogʻistonda Chevrolet avtomobillarini ishlab chiqarish boshlangan edi. Qozogʻistonda “SamAvto” avtobuslarini ishlab chiqarish joriy yilning may oyida yoʻlga qoʻyildi. Bundan tashqari, Chevrolet avtomobillarini Tojikistonda ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan.