Ozarbayjonda Oʻzbekiston turizm salohiyati targʻib etildi

    Turizm 15 Noyabr 2022 2741

    Ayni damda Oʻzbekiston delegatsiyasi 20-noyabrda boshlanadigan futbol boʻyicha jahon chempionatida millionlab muxlislar orasida Oʻzbekiston turizmini targʻib qilish maqsadida Qatarga yoʻl olgan.

    Delegatsiya Ozarbayjonda mamlakatimiz turizmini yanada tanitishga qaratilgan bir qator tadbirlarni amalga oshirdi. Xususan, ozarbayjonliklarga va bu yerdagi xorijiy turistlarga Oʻzbekistonning turizm salohiyati, mamlakatimizdagi koʻzga koʻringan turistik obyektlar, Oʻzbekistonga sayohat qilishning afzalliklari, xalqimizning mehmondoʻstligi va boshqa jihatlar haqida maʼlumotlar berildi.

    Bundan tashqari, Oʻzbekiston nomidan Ozarbayjon aholisi va xorijlik turistlarga yurtimiz turizm brendi aks etgan kiyimlar va boshqa sovgʻalar berildi.

    Hozirda delegatsiya Eronda boʻlib turibdi. Ushbu davlatda ham Oʻzbekistonning turizm borasidagi imkoniyatlari, afzalliklari, qulayliklari targʻib etilgach, delegatsiya navbatdagi manzil sari yoʻlga chiqadi, deb xabar beradi Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati.

    Maʼlumot uchun, safar 30-dekabrgacha davom etadi.