Marosimda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi Diniy-maʼrifiy faoliyatni muvofiqlashtirish boʻyicha birinchi prorektori Shuhrat Yovqochev, Ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektor Zohidjon Islomov, Xalqaro hamkorlik boʻlimi boshligʻi Bahodir Xoʻjayev hamda Aksiyadorlik tijorat “Aloqabank” tomonidan — “Aloqabank” raisining oʻrinbosari Hasan Rahmatov, “Xalqaro iqtisodiy munosabatlar” departamenti kordinatori Temur Joʻrayev, Matbuot xizmati rahbari Zuhra Yunusova ishtirok etdi.

Tadbir avvalida “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonunning amaliy ifodasi sifatida taʼlim, fan va ishlab chiqarish korxonalari oʻrtasida oʻzaro manfaatli hamkorlik mexanizmini yoʻlga qoʻyish muhim ahamiyatga egaligi taʼkidlandi. Zero, yuqori malakali kadrlarni tayyorlash hamda ularni ish oʻrinlari bilan taʼminlashda tashkilotlar oʻrtasidagi yaqin aloqalari har qanday muammoga toʻgʻri va tezda yechim topishga koʻmaklashishi tabiiy.

Ayniqsa, oliy taʼlimda amalga oshirilayotgan ilmiy tadqiqotlarning natijaviyligi, eng avvalo, uning amaliyot, yaʼni ishlab chiqarish bilan bogʻliqligiga asoslanadi. Shu bois, Akademiya va bank oʻrtasida imzolangan mazkur Memorandumda taʼlim muassasasining tegishli ixtisoslikdagi professor-oʻqituvchi va mutaxassis-olimlari tomonidan olib borilayotgan ilmiy-texnologik ishlanmalarda bank-moliya tizimidagi mavjud muammolarga ustuvor ahamiyat qaratilishi har ikki soha taraqqiyotiga xizmat qilishi taʼkidlandi.

— Bizning bankimiz aholiga bank-moliya sohasida xizmat koʻrsatish koʻrsatkichlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasida yetakchilardan hisoblanadi, — deydi oʻz soʻzida “Aloqabank” raisining oʻrinbosari Hasan Rahmatov. — Hozirda hamkorlik aloqalarimizni xalqaro moliyaviy tashkilotlar bilan ham mustahkamlash yuzasidan amaliy choralar koʻrilmoqda. Maʼlumki, yurtimiz aholisining asosiy qismini muqaddas islom diniga eʼtiqod qiluvchilar tashkil etadi. Shu jihatdan Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi bilan oʻzaro hamkorligimiz bank-moliya sohasida ham islom moliyaviy tamoyillarini kengroq tatbiq etish, bu boradagi ilgʻor tajribalarni oʻrganishimizda ustuvor ahamiyat kasb etishi shubhasiz.

Darhaqiqat, oʻzaro hamkorlik Memorandumini imzolash marosimida tomonlar shu kabi manfaatli jihatlarga eʼtibor qaratishdi. Ayniqsa, Aksiyadorlik tijorat “Aloqabank” tomonidan Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasining faol talabalari va ilmiy tadqiqotchilari uchun maxsus stipendiya joriy etish, xorijiy davlatlar ilmiy tadqiqot markazlarida oʻqish va tajriba almashinuvlarini moliyalashtirish shuningdek, hamkorlikda xalqaro konferensiya va seminarlar oʻtkazish kabi tashabbuslari yosh avlod kamoloti va yurtimiz taraqqiyotida muhim ahamiyat kasb etishi shubhasiz.

Yana bir eʼtiborli jihati, bank tomonidan Akademiyada toʻlov-shartnoma asosida oʻqiyotgan izlanuvchan talabalari uchun imtiyozli shartlarda kredit mablagʻlarini taklif etishga tayyor ekani xususidagi kelishuv ham yurtimizda inson kapitaliga tobora ustuvor ahamiyat qaratilayotganidan darak.

Oʻzaro manfaatli hamkorlikka asos boʻlgan Memorandumni tantanali imzolash marosimi yakuniga yetgach, Aksiyadorlik tijorat “Aloqabank” vakillari Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi hududida joylashgan muqaddas qadamjolar — Shayxovantahur, Toʻlabek (Qaldirgʻochbek) hamda Yunusxon maqbaralarini ziyorat qilishib, katta taassurot olishdi.

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati