Tojikiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik tadqiqotlar markazi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda har ikki mamlakatdan olimlar, yetakchi tahlil tuzilmalari ekspertlari, davlat va nodavlat tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari F.Sidiqov, Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori A.Nosirov, Tojikiston Prezidenti huzuridagi Strategik tadqiqotlar markazi direktori X.Usmonzoda va boshqalar xalqlarimizni umumiy tarix, madaniyat va maʼnaviy qadriyatlar, oʻzaro hurmat hamda yaxshi qoʻshnichilikning koʻp asrlik anʼanalari birlashtirib turishini taʼkidladi. Bu yaqinlik Oʻzbekiston bilan Tojikiston oʻrtasidagi munosabatlarga mustahkam zamin, asosiy tamoyil boʻlib xizmat qilmoqda.
Darhaqiqat, soʻnggi yillarda mamlakatlarimiz oʻrtasidagi munosabatlar yaxshi qoʻshnichilik anʼanalari, strategik sheriklik munosabatlari doirasida tubdan rivojlanmoqda. Bu jarayonda Oʻzbekiston va Tojikiston Prezidentlari oʻrtasidagi samimiy munosabat, ochiq va konstruktiv muloqot ruhi nafaqat milliy, balki mintaqaviy va global masalalarni hal etish, Markaziy Osiyoning barqaror rivojlanishini taʼminlashda muhim omil boʻlmoqda.
2018-yilda Oʻzbekiston va Tojikiston fuqarolarining oʻzaro tashriflari toʻgʻrisida bitim imzolandi, oʻsha yili mamlakatlar oʻrtasida viza rejimi bekor qilindi. Bu xalqlarimiz oʻrtasidagi bordi-keldi aloqalari qayta tiklanishi va faollashishiga zamin yaratdi. Shu bilan birga, iqtisodiy-ijtimoiy, gumanitar aloqalar ham kengayib bormoqda. Bugungi kunda Oʻzbekistonda tojikistonlik tadbirkorlar kapitali ishtirokida 240 ta korxona, Tojikistonda mamlakatimiz rezidentlari ishtirokida 60 dan ortiq korxona savdo, qurilish materiallari ishlab chiqarish, oziq-ovqat sanoati, transport va boshqa turdagi xizmat koʻrsatish yoʻnalishlarida faoliyat yuritmoqda.
— Oʻzaro hamkorlik rivojlanishi natijasida mamlakatlarimiz oʻrtasida tovar ayirboshlash hajmi ham oʻsib borayotir, — deydi “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrosi direktori Eldor Tulyakov. — 2016-yilda bu koʻrsatkich 200 million dollarni tashkil etgan boʻlsa, bugungi kunga kelib 600 million dollardan oshdi. Ayni paytlarda tovar ayirboshlash hajmini yaqin yillarda bir milliard dollarga yetkazish imkoniyatlari yetarli. Shuningdek, ikki davlat oʻrtasida transport kommunikatsiyasi tizimi va boshqa sohalarda ham hamkorlik mustahkamlanmoqda. Ushbu xalqaro anjumanda bu boradagi hamkorlikni rivojlantirishning istiqbolli yoʻnalishlari muhokama etildi va tegishli vazifalar belgilab olindi.
Xalqaro tadbirda qayd etilganidek, Oʻzbekiston va Tojikiston BMT, MDH, SHHT, IHT va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida oʻzaro hamkorlikni izchil davom ettirmoqda. Xavfsizlikning zamonaviy tahdidlariga qarshi kurashish, barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish va kun tartibidagi dolzarb xalqaro masalalar boʻyicha mamlakatlarimiz pozitsiyasi oʻxshashdir.
— Tojikiston va Oʻzbekiston oʻrtasidagi munosabatlar yuqori darajadagi ishonch, oʻzaro hurmatga asoslangani hamkorlik rivojining muhim omili boʻlmoqda, — deydi Tojikistonning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Abdujabbor Rahmonzoda. — Soʻnggi yillardagi ana shunday oʻzaro doʻstona aloqalar natijasida munosabatlarimizda yechimi topilmagan masala qolmadi. Koʻp yillar davomida muammo boʻlib kelgan masalalarning aksariyati hal qilindi. Joriy yil 2-3-iyun kunlari Prezident Shavkat Mirziyoyev taklifiga binoan Prezident Emomali Rahmonning yurtingizga tashrif buyurishi ushbu doʻstona aloqalar rivojiga yanada turtki boʻlishi shubhasiz. Ushbu rasmiy tashrif doirasida qabul qilinadigan hujjatlar mamlakatlarimiz va mintaqamizning kelgusi taraqqiyotini taʼminlashda muhim istiqbollarni ochadi.
Oxirgi yillarda xalqlarimiz oʻrtasida madaniyat va sanʼat sohasidagi aloqalar ham rivojlanmoqda. Ikki mamlakat ijodiy jamoalari Oʻzbekiston va Tojikistonda oʻtkaziladigan xalqaro festivallarda ishtirok etyapti, madaniyat kunlari va boshqa tadbirlar muntazam oʻtkazib kelinyapti. Tojikistonning “Shashmaqom” akademiyasi 2018-yilda Shahrisabz shahrida oʻtkazilgan “Maqom” xalqaro sanʼat forumi bosh sovrinini qoʻlga kiritdi.
Ikki mamlakat ilm-fan muassasalari oʻrtasidagi aloqalar ham faollashdi. Jumladan, oʻtgan yili Markaziy Osiyo xalqaro instituti, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi vakillaridan iborat delegatsiya Tojikistonga tashrif buyurdi. Tashrif doirasida Oʻzbekiston va Tojikiston oʻrtasida hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlashning yangi “oʻsish nuqtalari” mavzusida xalqaro anjuman, turli uchrashuvlar oʻtkazildi. Mazkur tadbirlar doirasida ilm-fan muassasalari oʻrtasida hamkorlikni rivojlantirishga oid shartnomalar imzolandi.
Xalqaro anjumanda barqaror va xavfsiz mintaqaviy rivojlanishni taʼminlashda ikki tomonlama munosabatlarning hozirgi holati tahlil qilindi. Savdo-iqtisodiy sohada yangi “oʻsish nuqtalari”ni aniqlash, transport kommunikatsiyasi, infratuzilmalarni rivojlantirish, ilm-fan, madaniy-gumanitar, xavfsizlikni taʼminlash va boshqa masalalarda amaliy hamkorlikni kengaytirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, milliy qadriyatlarni oʻrganish va asrash, taʼlim va turizm sohasidagi loyihalar yuzasidan tajriba almashildi, oʻzaro hamkorlik istiqbollari xususida fikrlashildi.
Bahor Xidirova,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri