Ijtimoiy tarmoqlarda avtobus haydovchilari oʻzaro yoʻlovchi talashib mushtlashayotgani aks etgan video tarqalgandi.
Bugun, 2-mart kuni jinoyat ishlari boʻyicha Yashnobod tuman sudida Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) boʻyicha N. B. (1991-yilda Toshkent shahrida tugʻilgan, 1-sonli avtobus saroyiga qarashli 28-sonli yoʻnalish avtobus haydovchisi) va M. M. (1995-yilda Toshkent shahrida tugʻilgan, “Avtosantrans-servis”ga qarashli 155-sonli yoʻnalish avtobus haydovchisi) ga nisbatan yuritilgan maʼmuriy ish koʻrib chiqildi.
Sud majlisida aniqlanishicha, 2023-yil 28-fevral kuni soat taxminan 8:30 larda Yashnobod tumani Izzat koʻchasida oʻzlariga biriktirilgan avtobuslarni boshqarib, harakat davomida bir-birlariga yoʻl bermagan.
Shu koʻchada joylashgan 76-sonli avtobekat oldida toʻxtab, jamoat joyida jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan, oʻzaro janjallashgan. Bekatda turgan fuqarolar oldida bir-birlarini uyatli soʻzlar bilan haqorat qilgan. Fuqarolar osoyishtaligini buzib, mayda bezorilik qilishgan.
Huquqbuzarlar ushbu harakatlari bilan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 183-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir qilgan.
Jinoyat ishlari boʻyicha Yashnobod tuman sudining 2023-yil 2-martdagi qarori bilan N. B. va M. M. ning har biriga Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 183-moddasi bilan 7 sutkadan maʼmuriy qamoq jazosi tayinlandi.
Ushbu qaror ustidan qonunchilikda belgilangan tartib va muddatlarda Toshkent shahar sudiga apellyatsiya shikoyati yoki protest berilishi mumkinligi maʼlum qilingan.