Davlatimiz rahbarining tegishli qarori bilan 2018-yilda Respublikamizda xalqaro maqomga ega bo'lgan ilk davlat universiteti – “Ipak yo'li” turizm xalqaro universiteti tashkil etilgan edi. Hozirgi kunda unda bakalavriatning kunduzgi va sirtqi ta'lim shakli bo'yicha 18 ta yo'nalishda va magistratura dasturi bo'yicha 3 ta yo'nalishda mehnat bozorida talab yuqori bo'lgan soha uchun mutaxassislar tayyorlanadi.
2019-yildan boshlab Universitetda bakalavriat uchun ikki diplomli qo'shma ta'lim dasturlari (3+1 Double degree) tatbiq etilib kelmoqda.
Universitet kampusida talabalar uchun moddiy-texnik imkoniyatlar, xususan o'ziga xos dizaynga ega o'quv binolari, yuqori texnologiyali universitet kutubxonasi, elektron resurslar markazi, “Brainstorming-room” xonasi, o'quv-ishlab chiqarish kompleksiga kiruvchi mehmonxona va boshqa qulayliklar yaratilgan.
Endilikda, ushbu Universitetda tashkil etilgan o'quv-jarayoni, ma'naviy-ma'rifiy muhit, IT texnologiyalardan foydalanish kabi bir qator amalga oshirilgan ishlarni tanishtirish maqsadida barcha oliy ta'lim muassasalari rektorlari, professor-o'qituvchilarining o'zaro tajriba almashinuvi yo'lga qo'yiladi.