Oʻzbek – Afgʻon temir yoʻllari oʻrtasida yuklar tashuvi tiklandi

    Joriy yilning 8-10-fevral kunlari Termiz shahrida Afgʻoniston temir yoʻllari boshqarmasi rahbari Bayturrahmon Sharofat boshchiligidagi afgʻon delegatsiyasi bilan uchrashuv oʻtkazildi.

    Uchrashuv natijasida Afgʻoniston temir yoʻl boshqarmasi va “Sogdiana trans” SHK oʻrtasida “Hayraton – Mozori-Sharif” temir yoʻlini ekspluatatsiya qilishni kelgusida davom ettirish boʻyicha, yangi shartnoma imzolashga kelishildi.

    Shu bilan birga, tomonlarning kelishuviga koʻra, Afgʻoniston tomoniga yoʻnaltirilgan vagonlarni “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJning “Sogdiana trans” SHK tomonidan Hayraton stansiyasiga yetkazib berish joriy yilning 10-fevralidan qayta tiklandi.

    Muzokaralar yakunida erishilgan kelishuvlar boʻyicha bayonnoma imzolandi, deyiladi Transport vazirligi axborot xizmati xabarida.