2022-yil fevral oyida 128,4 ming dona avtotransport vositalari davlat roʻyxatidan oʻtkazildi, bu oʻtgan yilning fevral oyiga (51,5 ming) nisbatan 149,2%ga va 2020-yil yanvar oyiga (57,5 ming) nisbatan esa 123,2%ga koʻpaydi. Shu bilan birga, 2022-yil yanvariga nisbatan oʻsish surʼati 13,4%ni tashkil etdi.

Ekspertlar avtomobillarni roʻyxatdan oʻtkazishlar sonining jadallik bilan oʻsishini oʻtgan oydan avtotransport vositalarini sotib olganlik uchun yigʻimning toʻliq bekor qilinishi hamda oldi-sotdi shartnomasini notarial rasmiylashtirish uchun undiriladigan davlat bojini bazaviy hisoblash miqdorining 3 barobari miqdorida belgilanishi bilan izohlashmoqda. Jumladan, Oʻzbekistonga avtotransport vositalarini sotib olish va/yoki vaqtinchalik olib kirishda toʻlanadigan yigʻim 2022-yilgi davlat byudjeti toʻgʻrisidagi qonunga asosan bekor qilindi.

Joriy yilning fevral oyida birlamchi bozordan sotib olingan avtomobillar soni 28,8 ming donani tashkil etdi. Avtomobil savdosi yanvar oyiga nisbatan 3,2%ga oshdi. Ikkilamchi bozorda ushbu koʻrsatkich 99,6 ming donani tashkil etdi (oʻsish 16,8%).

Yangi avtotransport vositalarini roʻyxatdan oʻtkazishlar soni oʻtgan oyga nisbatan Toshkent (63,2%), Qashqadaryo (38,1%) viloyatlari va Qoraqalpogʻiston Respublikasida (15,9%) sezilarli darajada oshgan boʻlsa, Sirdaryo (-27,8%), Fargʻona (-22,3%), Namangan (-16,9%), Buxoro (-6,2%), Surxondaryo (-6,1%), Samarqand (-4,8%), Jizzax (-1,9%) viloyatlari va Toshkent shahrida (-6,6%) kamayish kuzatildi.

Chet elda ishlab chiqarilgan avtomobillar oldi-sotdi shartnomalari soni 2,4 ming donani tashkil etib, bu yanvar oyiga nisbatan 26%ga koʻpaydi (2021-yil fevral oyiga nisbatan oʻsish 2,7 barobar).

Ikkilamchi bozordan sotib olingan avtotransport vositalarini rasmiylashtirishlar soni eng koʻp boʻlgan hududlar Samarqand – 12,5 ming (yanvar oyida - 9,7 ming), Fargʻona - 11,8 ming (9 ming), Andijon - 10,2 ming (7,2 ming), Namangan - 9,4 ming (8,1 ming), Qashqadaryo-8,3 ming (6,4 ming) viloyatlari va Toshkent shahri - 11,7 ming (13,6 ming) boʻldi.

Xalilulloh HAMIDOV,

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi sektor mudiri