Bugun O'zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti (O'zDJTSU) jamoasi ham qarorda belgilangan vazifalarni bajarishga kirishgan.
Bu haqda O'zDJTSU Boks, qilichbozlik nazariyasi va uslubiyati kafedrasi dotsenti, pedagogika fanlari bo'yicha falsafa doktori (PhD) G'ulomjon RAJABOV quyidagilarni gapirib berdi:
– Bu qaror soha mutaxassislari va bokschilarning ko'p yillardan buyon kutgan orzu-niyatlarini ro'yobga chiqarmoqda.
Hech shubhasiz, bugun boks mamlakatimiz aholisi, ayniqsa, yoshlarning eng sevimli sport turlaridan biriga aylangan. Bokschilarimiz jahon ringlarida 2016 yildan buyon o'tkazib kelinayotgan nufuzli musobaqalarning deyarli barchasida zafar qozonib, etakchilikni qo'ldan bermay kelyapti.
Xalqaro boks maydonida sportchilarimiz egallagan bunday yuqori reyting esa yoshlarning boksga bo'lgan ommaviy qiziqishini yanada oshirish, iqtidorli sportchilarni aniqlash, tanlash va saralash tizimini yanada takomillashtirish, mutaxassislar tayyorlash va moddiy rag'batlantirish, shuningdek, o'zbek boksining dunyoda etakchiligini saqlab qolish uchun katta yo'l ochdi. Bu yo'lda Prezident qarori g'oyat muhim ahamiyat kasb etib, uning ijrosini to'laqonli ta'minlash bo'yicha ishlar boshlab yuborildi.
Xususan, O'zDJTSUning Boks, qilichbozlik nazariyasi va uslubiyati kafedrasi professor-o'qituvchilari tomonidan “Boks alifbosi” nomli bazaviy tayyorgarlik elementlarini o'z ichiga olgan “Yo'l xaritasi” ishlab chiqildi. SHuningdek, umumta'lim maktablari jismoniy tarbiya fanining yillik dasturiga qo'shimchalar kiritish bo'yicha dastur ishlab chiqildi. Maqsad boksning ommaviyligini oshirishga qaratilgan bo'lib, undan asosan boksga yo'naltiruvchi, o'smir va yoshlarning sport turiga bo'lgan qiziqishini orttiruvchi boks elementlari joy olgan.
“Boks alifbosi” dasturidan joy olgan barcha bazaviy elementlar hech qanday xarajat talab qilmaydi va mashg'ulotlar boks uchun talab qilinadigan jihozlarsiz o'tkazilishi deyarli barcha ta'lim muassasasida qo'llash imkoniyatini oshiradi.
Iqdidorli sportchilarni aniqlash, tanlash va saralash
Bu bo'yicha Prezident qarorida quyidagi uch bosqichli tizim joriy etish bo'yicha vazifalar aniq belgilab berilgan.
Jumladan, birinchi bosqichda ta'lim muassasalari, bolalar-o'smirlar sport maktablaridan saralangan sportchilar o'rtasida tuman (shahar) musobaqalari, ikkinchi bosqichda boksga ixtisoslashgan sport maktablari, ta'lim muassasalari va sport klublaridan saralangan sportchilar o'rtasida hududiy musobaqalar, uchinchi bosqichda klublararo hamda xududiy o'quv-mashg'ulot yig'inlari g'oliblari va sovrindorlari o'rtasida respublika musobaqalari (“World Series Boxing” misolida) o'tkazish.
Bunda musobaqalar natijalari asosida boks maktablarini iqtidorli sportchilar bilan to'ldirib borish Turizm va sport vazirligi, Milliy olimpiya qo'mitasi, Boks federatsiyasi tomonidan birgalikda amalga oshirilishi belgilab qo'yilgan.
Yuqorida ko'rsatilgan uch bosqichli musobaqalarda odilona saralash tizimini joriy qilish maqsadida “Xolis hakam” guruhlarini yo'lga qo'yish maqsadga muofiq bo'ladi. “Xolis hakam” guruhlarining asosiy maqsadi sportchilarni saralashning ob'ektiv yo'llarini ishlab chiqishdan iborat.
Bunda “Xolis hakam”lar asosan boks sport turi bo'yicha xalqaro musobaqalarda yuqori natijalar ko'rsatgan sportchilar orasidan saralab olinadi, ular asosiy hakamlardan tashqari hisoblanib, alohida jang borishini xolis baholab boradi va jang yakunida berilgan baholar taqqoslanadi hamda yakuniy baho beriladi.
Professional sportchilar tayyorlashning yangi tizimi
Universitetimizning Boks, qilichbozlik nazariyasi va uslubiyati kafedrasi professor-o'qituvchilari tomonidan boks bo'yicha professional murabbiylar va hakamlarni tayyorlash tizimini rivojlantirish, o'quv-uslubiy qo'llanmalar ishlab chiqish, ilmiy-metodologik bazani yanada kuchaytirish bo'yicha “Yo'l xaritasi” tuzib chiqildi.
Bu jarayonda boks bo'yicha professional murabbiylar va hakamlarni tayyorlash tizimini rivojlantirish fan dasturi va fanning ishchi dasturlariga o'zgartirishlar kiritish bo'yicha takliflar, boks mutaxassislarini tayyorlash bo'yicha o'quv-uslubiy qo'llanmalar ishlab chiqish, ilmiy-metodologik bazani yanada kuchaytirish yuzasidan qat'iy izchillikda rivojlantirish istiqbolli rejasi ishlab chiqildi. Shuningdek, ayollar boksini rivojlantirish yuzasidan kafedra mustaqil izlanuvchilari tomonidan ayollar boksi muammolari yuzasidan pedagogika fanlari bo'yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi mavzulari Oliy attestatsiya komissiya tomonidan tasdiqlandi.
Bir so'z bilan aytganda, Prezident qarori ijrosini so'zsiz ta'minlasak, o'zbek boksining imkoniyat eshiklari yanada keng ochiladi va yanada salmoqli yutuqlarga erishamiz.