Deyarli o'ttiz yildan buyon to'liq ta'mirlanmagan O'zbek davlat tsirki binosining holati jurnalistlar va ko'plab yurtdoshlarimiz tomonidan tanqid qilib kelinganligidan xabaringiz bor.  Kuni kecha Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov “Kutilmagan tashrif” loyihasi doirasida tsirkka tashrif buyurib, bino holati, xodimlarning ishlash sharoiti, shuningdek, saqlanayotgan hayvonlarning yashash tarzi bilan tanishdi. TSirk faoliyatini rivojlantirish, uni Evropa standartlariga moslashtirish va uzoq yillar ta'mirtalab holatda bo'lgani bois sarflanadigan xarajatlar miqdori yuzasidan mutasaddilar bilan fikr almashildi.

Еslatib o'tamiz, endilikda Madaniyat vaziri tizim tashkilotlari, madaniy yodgorliklar, teatr, xiyobon va muzeylarga siz kutmagan vaqtda tashrif buyurib, ob'ekt holati bilan shaxsan tanishib boradi. Tashrif davomida muammo va  kamchiliklar o'rganiladi, xodimlar fikri tinglanadi, qilinishi kerak bo'lgan ishlar rejasi tuzib chiqiladi.