Festivalning tanlov dasturida rejissyor Dante Rustav tomonidan suratga olingan “Bosqin” (Invasion) va Sherzod Nazarovning “Ipak yoʻlida” qisqa metrajli filmlari namoyish etiladi.

Gala-premyera dasturiga koʻra Oʻzbekiston Kinematografiya agentligi buyurtmasi bilan suratga olingan rejissyor Rashid Malikovning “Tutqunlik” filmi namoyish etiladi. Joriy yilning noyabr oyida “Tutqunlik” filmi “Volokolamsk chegarasi” xalqaro kinofestivali doirasida oʻtkazilgan badiiy filmlar tanlovining gran-pri sovrinini qoʻlga kiritgan. Film syujeti real voqealarga asoslangan boʻlib, Yaqin Sharqdagi vatandoshlarimizni urush hududidan olib chiqish maqsadida tashkil etilgan “Mehr” operatsiyasiga bagʻishlangan.

Eslatib oʻtamiz, qayta tiklangan “Ipak yoʻli durdonasi“ Toshkent xalqaro kinofestivali doirasida oʻtkazilgan “Kino 5 kunda” tanlovida yosh rejissyor Sherzod Nazarovning “Ipak yoʻlida” filmi gran-pri mukofotini qoʻlga kiritgan edi. Dante Rustavning ”Bosqin“ qisqa metrajli filmi esa Olmaota shahrida boʻlib oʻtgan ”Baiqonyr" VI Xalqaro festivalining hakamlar hayʼati maxsus mukofotiga sazovor boʻlgan.