Bir necha kundirki, oʻzbekistonliklar futbol zavqi bilan yashamoqda, futbol bilan nafas olmoqda. Yurtimizda Osiyo kubogi U-20 musobaqalari boʻlib oʻtdi.

Buni kecha poytaxtimizning “Bunyodkor” stadioniga yigʻilgan oʻn minglab, televizorlar qarshisida oʻtirgan millionlab futbol ixlosmandlarining olqishlari-yu yosh futbolchilarning yuzu koʻzlaridagi gʻalaba nashidasida yanada teranroq his qilib, anglaganday boʻldik. Ravshan Haydarov boshchiligidagi futbolchilarimiz turnirning finalida iroqliklarni 1:0 hisobida magʻlub etib, mamlakatimiz futbol ishqibozlari qalbiga olam-olam quvonch ulashdi.

Xalqimizning shodligi, yosh futbolchilarning shavqi, muxlislarning xursandchiligiga yoʻgʻrilgan shodumon ovozlari jannatmonand ona diyorimizni, balki butun olamni qamrab olganday taassurot uygʻotdi. Bayrogʻimiz hilpirab, madhiyamiz yangrab turgan bugungi kun, aslida, barchamiz uchun haqiqiy bayram boʻldi.

Bahsni Prezident Shavkat ­Mirziyoyev bevosita stadiondan kuzatdi. Bu esa yoshlarimizga qoʻshimcha ruh, kuch berdi. Gʻayratlariga gʻayrat qoʻshdi. Gʻalabadan soʻng davlatimiz rahbari terma jamoamizni taqdirlash marosimida ishtirok etdi va bosh sovrin — Osiyo kubogini topshirdi.

Turnirda Osiyo qitʼasining eng zoʻr jamoalari ishtirok etdi. Aslida, bunday musobaqalarda kuchsiz jamoalar boʻlmaydi.

Turnir nizomiga koʻra, yarim finalga chiqqan jamoalar shu yil 20-maydan 11-iyungacha Indoneziyada oʻtadigan jahon chempionati yoʻllanmasini qoʻlga kiritadi. Futbolchilarimiz bu vazifani ortigʻi bilan uddaladi. Ular dastlab guruhda Suriya va Iroqni magʻlub etib, Indoneziya bilan durang oʻynadi. Chorak finalda Avstraliya bilan bahsda gʻolib keldi. Yarim finalda esa Osiyo futbolidagi asosiy va eng qiyin raqibimiz Janubiy Koreya termasi yoshlarimiz shiddati oldida ojiz qolganini tan oldi.

Tarixiy gʻalabadan soʻng ijodiy jamoamiz yoshlar terma jamoasi aʼzolarining fikrlari bilan ­qiziqdi:

— Juda qiyin oʻyin boʻldi. Xalqimizning qoʻllab-quvvatlashi bilan gʻalaba qozondik. Kayfiyatimiz aʼlo darajada. Bu joyga qadar juda uzoq yoʻl bosdik. Odamlar bilan liq toʻla stadionda bizni qoʻllab turgan muxlislarimizning mehrini qalban his qilib turdik. Bildirilgan ishonch va cheksiz olqishlar uchun katta rahmat, — deydi koʻzlarida ­samimiyat balqib turgan yosh darvozabon Otabek ­Boymurodov.

Otabek Boymurodov Oʻzbekiston Yoshlar terma jamoasining ishonchli qalqoni. U yarim finalda uchta penaltini qaytarishga muvaffaq boʻldi. Shunday boʻlsa-da, kamtarlik bilan, “Bu mening emas, himoyachilarimiz mehnati, aslida, ularga rahmat. Koʻp narsa himoyachilarga bogʻliq, ular juda ajoyib harakat qildi”, deydi.

— Jamoamiz jahonning shu kabi yirik musobaqalarida muvaffaqiyatli toʻp surishi va jahon ­chempionatiga chiqishi soʻnggi yillardagi islohotlarning istiqbolli samarasidir. Biz bu finalga katta mashaqqat bilan yetib kelgan boʻlsak-da, quvonchli kunlarning shukuhli damlari, dilkash lahzalari koʻnglimizga orom bagʻishlamoqda. Bizni qoʻllab-quvvatlab turgan xalqimiz va futbol shinavandalariga cheksiz minnatdorlik bildiraman. Bu muhim bahslarda xalqimiz kutgan yuksak ishonchni oqladik. Albatta, uchrashuvlarga alohida reja boʻyicha tayyorgarlik olib bordik. Chunki bu kabi musobaqalar va final uchrashuvlarida ilgari ham ­qatnashganmiz. Muxlislar bizga qoʻshimcha kuch bagʻishladi. Futbolda gol kiritish eng muhim va qiyin jarayon hisoblanadi. Toʻgʻrisini tan olib aytadigan boʻlsam, hali oʻzimizga yarasha kamchiliklarimiz bor. Biroq oldimizda jahon chempionati turibdi. Barcha vaziyatlarni qayta boshdan koʻrib chiqamiz, tahlil qilamiz va albatta, oʻz ustimizda yanada shijoat bilan ishlaymiz, — deydi terma jamoa bosh murabbiyi ­Ravshan ­Haydarov.

— Xalqimiz va muxlislar kutgan hal qiluvchi oʻyinga jiddiy tayyorgarlik koʻrgan edik. Katta masʼuliyat va ishtiyoq bilan maydonga tushib, borimizni, butun borligʻimizni berib harakat qildik, — deydi jamoa sardori Umarali Rahmonaliyev. — Ushbu gʻalaba uchun ota-onamiz, ustozlarimizga katta rahmat aytmoqchiman.

Millionlab futbol ishqibozlarining olqishlari, duolari ostida oʻtgan uchrashuvda “Bunyodkor” stadioni oʻzbekning gʻurur maydoniga aylanganday boʻldi.

Intilish va izlanish mehnatning yuzaga chiqishiga zamin tayyorlaydi. Zero, hamma narsa xohish, iroda va intilishga bogʻliq. Maqolamizni muxtasar qilar ekanmiz, Oʻzbekistonni dunyoga tanitayotgan yosh futbolchilar va murabbiylarni hamda xalqimizni chin qalbdan tabriklaymiz. Biz oʻzbekning bek oʻgʻlonlari bilan haqli ravishda faxrlanamiz va rahmatlar aytamiz!

Gulichehra DURDIYEVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri