Oʻzbek haydovchilari ilk marotaba Afgʻoniston orqali Pokistonga yuk tashuvlarini amalga oshirdi

    Transport 17 Iyun 2022 1897

    Dengiz portlariga chiqish hamda bu yoʻnalishda qulay transport koridorlarini yaratish Oʻzbekiston uchun strategik vazifa.

    Joriy yil 26-27-mart kunlari Termiz shahrida Oʻzbekiston Respublikasi, Afgʻoniston va Pokiston Islom Respublikasining yirik transport-logistika kompaniyalari, Xalqaro avtomobil tashuvchilari uyushmasi hamda transport va bojxona idoralari vakillari ishtirokida transport masalalari boʻyicha uch tomonlama ishchi guruhining uchrashuvi tashkil etildi.

    Uchrashuvda Oʻzbekiston, Afgʻoniston va Pokiston davlatlari hududi boʻylab avtomobil transportida xalqaro yuk tashuvlari jarayonida yuzaga kelayotgan muammolar va ularni hal etish masalalari yuzasidan aniq chora-tadbirlar rejasi belgilab olingan edi.

    Uch tomonlama saʼy-harakatlar natijasida bugun ushbu transport koridorining toʻlaqonli faoliyat yuritishi, yuklarning qisqa fursatlarda, xavfsiz ravishda belgilangan manziliga yetkazilishi taʼminlanyapti.

    Buning natijasi oʻlaroq oʻzbekistonlik haydovchilar ilk marotaba Oʻzbekiston–Afgʻoniston–Pokiston yoʻnalishi boʻylab yuk tashuvlarini muvaffaqiyatli ravishda bajardi.

    “Toshkent – Termiz – Mozori-Sharif – Qobul – Peshavor – Karachi” yoʻnalishi boʻylab 2 760 kilometr yoʻlni bosib oʻtgan oʻzbekistonlik haydovchilar Karachi portidan ortilgan yukni (muzlatilgan goʻsht) bir haftada Toshkentga yetkazib keldi, deb xabar beradi Transport vazirligi matbuot xizmati.