Oʻzbek kimyo oʻgʻitlari ishlab chiqaruvchilari malayziyalik fermerlar bilan hamkorlik qilishga kelishib oldi

    Oʻzbekistonning Kuala-Lumpurdagi elchixonasi koʻmagida “Oʻzkimyoimpex” MCHJ, Malayziya qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat xavfsizligi vazirligi vakillari hamda ushbu mamlakatning Fermerlar milliy assotsiatsiyasi rahbariyati oʻrtasida onlayn uchrashuv tashkil etildi.

    Malayziya Milliy fermerlar assotsiatsiyasi 1982-yilda tashkil etilgan. Tashkilot tarkibiga 14 mingdan ortiq qishloq xoʻjaligi korxonalari va plantatsiyalari kiradi, ularda mehnat qiladiganlarning umumiy soni 1 million kishiga yaqin. Asosiy vazifa qishloq xoʻjaligi uchun oʻgʻitlar ishlab chiqarish va ularni import qilishdir.

    Muzokaralar chogʻida Malayziya tomoniga Oʻzbekistonda kimyo sanoatida amalga oshirilayotgan islohotlar, ishlab chiqarilayotgan kimyoviy mahsulotlar, xususan, 2023-yilda eksportga moʻljallangan mineral oʻgʻitlar hajmi haqida batafsil maʼlumot berildi.

    Malayziya Fermerlar milliy assotsiatsiyasi rahbariyati “Oʻzkimyoimpex” MCHJ bilan oʻzaro hamkorlikka qiziqish bildirar ekan, oʻz mamlakati fermerlari va plantatsiyalari mahsulotlarni ishlab chiqarishlari uchun 60 ming tonna karbamid va 72 ming tonna kaliy xloridi zarurligini maʼlum qildi.

    Muzokaralar natijasida Malayziya tomoni mahsulot sotib olish uchun “Oʻzkimyoimpex”ga rasmiy murojaat etish hamda joriy yil mart-aprel oylariga eksport shartnomasini imzolash boʻyicha kelishuvga erishildi.