Lavhada Oʻzbekiston mazkur biyennaleda Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida birinchi boʻlib ishtirok etayotgani alohida taʼkidlangan. Tashkilotchilar oʻzbek mahallasi haqidagi betakror pavilyon olti oy davomida keng xorijiy jamoatchilik vakillari va ekspertlar eʼtiborini oʻzbek milliy turmush tarzi va anʼanalariga jalb etishini kutmoqda.

“Mahalla: shahar va qishloq hayoti” deb nomlangan Oʻzbekiston koʻrgazmasi 20-may kuni ochildi. Tantanali ochilish marosimida Oʻzbekiston Bosh vazirining oʻrinbosari - turizm va sport vaziri Aziz Abduxakimov, Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi Kengashi raisining oʻrinbosari Saida Mirziyoyeva hamda mamlakatimiz madaniyat sohasi vakillari ishtirok etdi.

Koʻrgazmani tayyorlashda mahalliy va xorijlik ustalar, shuningdek, yoshlar jalb etildi.

“Euronews”da taʼkidlanishicha, Venetsiya biyennalesi prezidenti Roberto Chikutto bu yilgi koʻrgazmada Oʻzbekistonning ishtirokidan xursandligini yashira olmadi.

- Bugungi kun va kelajakni qurish jaraynida oʻtmishdagi anʼanalarga suyanishni kuchli yondashuv, deb hisoblayman, - dedi u. - Loyiha juda chiroyli, ushbu turdagi arxitektura inson tafakkuri bilan bunyod etilgan. Bu, albatta, oʻzbek jamiyatining turmush tarzining oʻziga xos boʻlgan ayrim jihatlari haqida bizga maʼlumot beradi. Loyiha hozirgi vaqt nuqtayi nazaridan va biyennale maqsadlari nuqtayi nazaridan juda ham dolzarb, deb hisoblayman.

Maʼlum qilinishicha, Venetsiya 17-biyennalesida 46 mamlakat ishtirok etmoqda.

Biyennale 21-noyabrgacha davom etadi.