Oʻzbek multfilmi Qozogʻistondagi festivalda birinchi oʻrinni egalladi

    Ushbu animatsion filmda Jamshid ismli yigit oʻzining va onasining orzu-maqsadlarini amalga oshirish yoʻli haqida soʻz boradi.

    Qozogʻistonning Olmaota shahrida oʻtkazilgan birinchi xalqaro “Farabi Film Festival”da yosh oʻzbek multiplikatori Jamshid Atambayevning “Sogʻinch” multfilmi “Eng yaxshi animatsion film” yoʻnalishida birinchi oʻrinni egalladi.

    Bu haqda Milliy kinematografiyani rivojlantirish markazi Axborot xizmati xabar qildi.

    Jamshid Atambayev hozirda Oʻzbekiston Davlat sanʼat va madaniyat instituti talabasi boʻlib, kinooperator va rejissyor Iqbol Meliqoʻziyev ijodiy ustaxonasi tinglovchisi hamdir.

    Ushbu animatsion filmda Jamshid ismli yigit oʻzining va onasining orzu-maqsadlarini amalga oshirish yoʻli haqida soʻz boradi. Filmning asosiy gʻoyasi onalarni qadrlashga qaratilgan.