Oʻzbek olimalari toʻgʻrisida maʼlumot beradigan veb-sayt yaratildi

    Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi, Wonder Women xalqaro hamjamiyati hamkorligida Osiyo taraqqiyot banki koʻmagi asosida birinchi marta “Oʻzbekiston olima ayollari” sayti yaratildi.

    Saytning asosiy maqsadi oʻzbek ilm-fanida oʻziga xos maktablar yaratgan olimalarni, zamonaviy fanda yangiliklar qilayotgan isteʼdodli, ilmli ayollar faoliyatini jahonga tanitish, shu bilan birga mamlakatimiz fani rivoji uchun hissa qoʻshib kelayotgan oʻtmish va hozirgi zamon olimalarimizni bugungi kun qahramonlari sifatida namoyish etishdir.

    Saytning birinchi qismida tarixda oʻz oʻrniga ega boʻlgan olima ayollar Hadicha Sulaymonova, Galina Pugachenkova, Maqsuda Xojanova singari ayollar hayoti, ilmiy izlanishlari tarixi kiritilgan.

    Ikkinchi qismi hozirda Fanlar akademiyasida faoliyat yuritayotgan olimalarimiz va besh nafar akademik ayollariga bagʻishlangan.

    Saytda fizika-matematika, kimyo-biologiya va tibbiyot, ijtimoiy-gumanitar fanlarda zamonaviy tadqiqotlar bilan shugʻullanayotgan fan doktorlari va professor olimalarimiz haqida toʻliq maʼlumotlar kiritilgan. Ularning hayoti, ilmiy faoliyati, barcha yutuqlari toʻgʻrisida maʼlumotlar mavjud hamda kelgusida ular mazmun va son jihatdan yanada boyitib boriladi.

    Saytning jamiyat va fan hayotidagi ahamiyati ham mavjud. Ushbu platforma mazmunan ilmga hayajon va hayrat bilan kirib kelayotgan xotin-qizlarga ulkan ilmiy izlanishlari bilan tanilgan olimalar hayoti oʻrnak, namuna, bir soʻz bilan aytganda, model vazifasini oʻtaydi.

    Qisqa qilib aytganda, bu sayt orqali oʻzbek olimalari va ular olib borayotgan sermahsul izlanishlarni dunyoga koʻrsatishdir. Shu bilan birga ilmli, maʼrifatli olima qizlarni jamiyatga, ilm-fanga tayyorlab berishdir.

    Saytga joylashtirish uchun olima ayollar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar monitoring@academy.uz elektron manzili orqali qabul qilinadi.

    Sayt bilan quyidagi havola orqali tanishish mumkin: www.womeninscience.uz