Ushbu oltin medal MDH va Rossiyaning eng yetakchi tibbiy genetika markazi hisoblanadigan “Akademik N.P.Bochkov nomidagi tibbiy genetik tadqiqotlar markazi” Federal davlat byudjetli ilmiy muassasasi tomonidan 2017-yilda taʼsis etilgan boʻlib, ushbu sohaga ulkan hissa qoʻshgan, oʻzining ilmiy yanligiligiga ega boʻlgan olimga topshiriladi.
Taʼkilash joizki, ushbu oltin medalga shu vaqtgacha faqatgina Rossiya olimlari sazovor boʻlgan boʻlsa, bu safar MDH davlatlari orasida birinchilardan boʻlib oʻzbek olimasiga topshirilishi katta sharaf tuygʻusini uygʻotadi.
Akademik Tamara Oʻktamovna immunologiya va immunogenetika, tibbiy genetika sohalari boʻyicha yirik mutaxassis boʻlib, Respublika va undan tashqaridagi ilmiy jamoalarda katta hurmatga ega olima hisoblanadi.
Olima tahriri ostida Oʻzbekiston Respublikasi aholisining immun statusi xaritasi, immunologik va genetik pasportlari ishlab chiqilgan.
Fransiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Rossiya, Kirgʻiziston mamlakatlari olimlari bilan birgalikda Markaziy Osiyo va Kavkaz orti xalqlarining populyatsion-genetik kelib chiqishi boʻyicha tadqiqotlar olib borgan.
Shuningdek, Markaziy Osiyoda birinchi marotaba Yevroittifoqning 7-ramka dasturi doirasidagi “Markaziy Osiyo va Yevropa populyatsiyalarida preeklampsiyaning genetik tadqiqotlari” nomli xalqaro grant yutib, tibbiy genetika sohasini yanada rivojlantirgan.
Hozirgi kunda akademik boshchiligidagi jamoa tibbiy genetika sohasida orfan kasalliklar, tugʻma nuqsonli patologiyalarni erta aniqlashning genetik usullarini ishlab chiqish boʻyicha oʻzlarining tadqiqotlar olib borishmoqda. Fanlar akademiyasining katta jamoasi nomidan Tamara Oʻktamovnani ushbu mukofot bilan muborokbod etamiz!