Oʻzbek olimlari sil kasalligiga qarshi samarali preparat yaratdi

    Fan 19 Yanvar 2022 1549

    Oʻzbekistonda OʻzR FA Bioorganik kimyo institutining bir guruh olimlari, yetakchi ilmiy xodim Sh. A. Shomurotov rahbarligida “Biomayrin 600 mg” original preparati yaratildi.

    Ushbu preparat poligalakturon kislotasi (pektin) va silga qarshi preparatlar – izoniazid, etambutol va rifampitsin asosida olingan. Mazkur ilmiy loyiha tijoratlashtirishgacha tayyorlash maqsadida Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan 997,4 mln miqdoridagi mablagʻ bilan moliyalashtirilgan.

    Preparat makromolekulyar tabiatga ega boʻlib, tabiiy polimer poligalakturon kislota makromolekulasiga silga qarshi izoniazid, etambutol va rifampitsin kimyoviy bogʻlar vositasida bogʻlangan. Buning natijasida ushbu kasallikka qarshi boshqa preparatlarga nisbatan organizmga nojoʻya taʼsiri bir necha marta kamaygan hamda organizmdagi samarali taʼsir vaqti bir necha marta ortgan, yaʼni prolongatsiyalangan taʼsirga ega. Preparat patogen hujayralariga yoʻnaltirilgan taʼsir qiladi hamda silning turli shtammlariga nisbatan yuqori faollikka ega.

    Taʼkidlash lozimki, sil kasalligi butun dunyoda insonlar sogʻligʻi uchun xavf soluvchi kasallik boʻlib, oʻlim bilan yakunlanuvchi yuqumli kasalliklar orasida ikkinchi oʻrinda turadi. JSST maʼlumotlariga koʻra, har yili dunyoda 10 mln.ga yaqin inson sil kasaliga chalinadi, shundan 1,5 mln.dan ortigʻi oʻlim bilan yakunlanadi. Bu koʻrsatgich COVID pandemiyasi oqibatida yanada ortdi. Oʻzbekistonda esa har yili 25 mingga yaqin kishi sil kasaliga chalinadi.

    Qayd etish joizki, hozirgacha sil kasalligi qarshi yangi samarali preparatlar mavjud emas edi. Hozirda qoʻllanilayotgan preparatlarning aksariyati yarim asr oldin yaratilgan va qator kamchiliklari mavjud. Jumladan, ushbu preparatlarning organizmga nojoʻya taʼsiri yuqori boʻlib, davolash jarayonida qoʻshimcha yondosh kasalliklarni kelib chiqishiga sabab boʻladi. Shuningdek, ayni preparatlarning organizmdagi taʼsir vaqti qisqa (3-6 soat) boʻlib, organizmda terapevtik konsentratsiyasini saqlash maqsadida kuniga koʻp marta qabul qilish talab etadi. Bu oʻz navbatida turli toksiko-allergik holatlarning kelib chiqishiga sabab boʻladi.

    Yuqoridagi maʼlumotlar hozirgi kunda sil kasalligi terapiyasida uzoq vaqt taʼsir koʻrsatuvchi organizmga nojoʻya taʼsiri kam boʻlgan preparatlar zarurligini anglatadi va olimlarimiz tomonidan yaratilgan dori vositasi aholi sogʻligʻiga, millat salomatligiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.