Oʻzbek olimlari yaratgan preparat koronavirusdan davolanish protokoliga kiritildi

    Fan 13 Yanvar 2022 2193

    OʻzR FA Bioorganik kimyo instituti olimlari tomonidan yaratilgan “Rutan tabletkalari, 100 mg” preparati COVID-19 koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni davolash protokoliga kiritildi.

    Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati maʼlum qildi.

    Taqdim etilgan maʼlumotga koʻra, endilikda Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan Rutan preparatini koronavirusga chalingan bemorlarda, oʻtkir respirator infeksiya bilan bogʻliq boʻlgan holsizlikning birinchi belgilari paydo boʻlganida, shifokor tavsiyasiga koʻra qoʻllash belgilandi. Rutan preparati Rhus coriaria (Totum) oʻsimligidan ajratib olingan dori preparati boʻlib, klinik sinovlar natijasiga koʻra, gripp virusining turli shtammlariga, shuningdek, SARS-Cov-2 virusiga qarshi samarali taʼsir koʻrsatishi aniqlandi.

    Mazkur tadqiqotlar Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan taqdim etilgan grant mablagʻlari yordamida Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan amalga oshirildi.

    Klinik sinovlar natijasida Rutan dori preparatining 100 milligrammlik optimal dozasi 6 yoshdan katta bemorlarda xavfsiz qoʻllanishi mumkinligi va uni kuniga 2 marotaba ichish virusning koʻpayishiga toʻsqinlik qilishi, shamollash va yalligʻlanish jarayonlarining oldini olishi, xususan, oʻtkir va atipik pnevmoniya yuzaga kelishiga toʻsqinlik qilishini koʻrsatdi. Virusning patologik taʼsirga ega boʻlgan barcha funksional va strukturaviy oqsillarining hosil boʻlishida ishtirok etuvchi ikkita asosiy konservativ fermentini - 3SL proteazasini va RNKga bogʻliq RNK polimerazasini ingibirlash (toʻxtatish) xususiyati va u oʻsimliklardan olingan dori vositasi ekani eʼtiborga molikdir. Natijada, organizmda strukturaviy va funksional oqsillar paydo boʻlmaydi va infeksiyalash qobiliyatiga ega boʻlmagan yetilmagan viruslar hosil boʻladi.

    Rutan preparatining afzalligi uning viruslarga qarshi qoʻllanilayotgan boshqa preparatlarga nisbatan toksiklik darajasi nihoyatda past ekani, davolash samarasi yuqoriligi va nojoʻya taʼsirlari yoʻqligidadir.

    “Rutan tabletkalari, 100 mg” preparatini qoʻllash COVID-19 kasalligidagi yalligʻlanish jarayonlarining asosiy mediatori boʻlgan S-rekativ oqsilining sezilardi kamayishiga olib keldi va sinov natijalariga koʻra, davolash guruhidagi bemorlarining hech birida oksiginatsiya oʻtkazish talab etiladigan kritik holat rivojlanishi qayd etilmadi.

    Oʻzbekiston Milliy universiteti qoshidagi Bioximiya va biofizika instituti bilan hamkorlikda olib borilgan izlanishlar natijasida Rutan preparati kuchli antigipoksik, membranani barqarorlashtiruvchi, antiradikal, antioksidant xususiyatlarga ega ekanligi va uning terapevtik samaradorligi virusga qarshi faolligi bilan uygʻunlashganligi munosabati bilan COVID-19 bilan kasallangan bemorlarni davolashda preparatning samaradorligi yuqori boʻladi. Tadqiqotlar Rutan 100 mg. dori preparatini koronavirus infeksiyasi oʻrta ogʻirlikda kechayotgan bemorlarga keng qoʻllashni tavsiya qilish mumkinligini koʻrsatdi.