Ayni damlarda Toshkent shahrida Oʻzbekiston-Qirgʻiziston biznes-forumi va birinchi ishbilarmonlar kengashining yigʻilishi boʻlib oʻtmoqda. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov, Qirgʻiziston Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari Artyom Novikov, yurtimiz hamda Qirgʻiziston Respublikasidan tashrif buyurgan Savdo-sanoat palatasi vakillari, shuningdek, sohaga aloqador qator mutasaddi tashkilot vakillari ishtirok etmoqda.Mazkur nufuzli tadbirdan koʻzlangan asosiy maqsad – ikki davlat oʻrtasidagi yaqin hamkorlik va doʻstlik aloqalarini yana-da mustahkamlashdan iborat.

Yuqori darajada tashkil etilgan biznes-forumda Toshkent viloyati hokimining oʻrinbosari Jamshid Abdusalomov ham ishtirok etib, Bishkek shahrida faoliyat yuritayotgan “Indastril Korporeyshn” kompaniyasi vakillari bilan yangi investitsiya loyihasi yuzasidan muzokaralar olib borib, 2 ta yangi yirik loyihaning tashkiliy ishlari, hamkorlik istiqbollari yuzasidan kelishuv imzoladi.

Kelishuvga koʻra, endilikda viloyat hududida Oʻzbekiston-Qirgʻiziston hamkorligi asosida umumiy qiymati 1,5 million AQSH dollariga teng yirik chorvachilik kompleksi, 1,5 million dollarlik yuqori darajadagi olovga chidamli gʻisht mahsulotlari hamda quvurlar ishlab chiqarish loyihasi ustida ish olib borilib, har ikkala davlat mutaxassislari oʻrtasida yaqin hamkorlik aloqalari keng yoʻlga qoʻyiladi.