O'zbek-qirg'iz manzumasi

    O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi, "Do'stlik" ordeni sohibasi Dilbar Haydarovaning quyidagi yangi she'rini o'qing.

    Qozilar ne kerak qo'shnichilikka,
    Ming yillik qadrdon, tilimiz birdir.
    Tog'larimiz o'sib turadi tikka,
    Dinimiz bittadir, dilimiz birdir.

    To'kilib-sochilib shu holga keldik,
    Daholar yaratgan ulug' xalqlarmiz.
    Arazchi boladek ahvolga keldik,
    Birlashsak, bir kuni yana balqarmiz.

    Biz yakdillik bilan yashasak agar,
    Dunyoga taratib turgaymiz ziyo!
    Bir dasturxondan non tishlasak agar,
    Gullab-yashnayverar O'rta Osiyo!

    Maslahatlar bitar osh-non ustida,
    Qo'lni-qo'lga bersa aka-ukalar.
    Mehr ko'prik bo'lsa zamon ustida,
    Kelajak avlodlar qaddin tikkalar!

    Qo'shning tinch bo'lganda, sening uying tinch,
    Qirg'iz tomonlarda qimizlar pishar.
    O'zbekning uyiga to'ladir sevinch,
    Bog'larida olma - qirmizlar pishar.

    Do'stim, nasib qilsa, biz tomonlarga
    Kelsangiz, Norinni bir ko'rsatamiz.
    Daryo sohilida intiq, ikki millatning
    Mehri-muhabbatin ko'kka otamiz!

    Chingiz Aytmatovning tilidagi gap,
    Qurbonjon Dodhoning tomonlari bu.
    Ustoz Zulfiyaning she'rlari sabab,
    Ustoz erkin Vohid armonlari bu.

    Og'a-inilarning yelkasi cho'ngdir,
    Dunyoning eng baland tog'lari qadar.
    O'zbek-qirg'iz, demak, ishlari o'ngdir,
    Do'stligimiz mangu ming yillar qadar!

    Bishkekda boshlanib qolganda bayram,
    Toshkentda qirq qozon osilar oshga!
    Botkent-u Farg'ona keksalari jam,
    Jalolobod - Namangan o'xshar quyoshga!

    Yo'llar ochiq, keling, tog'lar oshamiz,
    Ikki elda yana to'yu tantana.
    Qo'lni bering, eja, gullar sochamiz,
    «Manas»ni o'qiymiz, o'qiymiz yana.

    Sulton suyagini xorlamas aslo,
    Sulaymon tog'lari bizni kutgaydir.
    Qirg'izim, xush kelding, salom, marhabo,
    Sog'inch yaralari endi bitgaydir!

    Dilbar BONU