“Win and Win” kompaniyasi bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq polizchilik mahsulotlarining 20 tonnadan iborat dastlabki partiyasi 31-avgustda Di Liyer shahridagi omborxonaga yetkazildi. Endilikda qovunlar Rotterdam shahri va uning yaqin atrofidagi doʻkonlarga tarqatiladi.

“Win and Win” kompaniyasi rahbari Mexmet Masmasa taʼkidlaganidek, Niderlandiya Oʻzbekistonda tayyorlangan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari uchun istiqbolli bozor hisoblanadi. Mamlakatda, shuningdek, hoʻl va quritilgan mevalar, ayniqsa, uzum va yongʻoqlarga talab katta. Gollandiya bozori oʻrganib chiqilganida Oʻzbekistonning poliz mahsulotlariga, ayniqsa shirin-shakar qovunlariga talab yuqori ekanligi maʼlum boʻldi.

Buyurtmachi mahsulotning sifati bilan birga uning upakovka, sertifikatlash va saralash masalalarida Yevropa standartlariga mos ekanligini eʼtirof etdi.

Taʼkidlash joizki, eksportni tashkillashtirishda Oʻzbekiston eksportchilar uyushmasi vakillari katta yordam berdilar. Ular oʻzbekistonlik ishlab chiqaruvchilarga potensial xaridorlar topishda, hamda ular bilan toʻgʻridan-toʻgʻri hamkorlik oʻrnatishda eng ishonchli hamkor hisoblanadi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.