Ayniqsa, yosh shaxmatchilarimizning joriy yil 28-iyul – 9-avgust kunlari Hindistonning Chennay shahri mezbonlik qilgan 44-Butunjahon shaxmat olimpiadasidagi yutuqlari olamshumul voqeaga aylandi va oʻzbek shaxmati tarixida yangi sahifa ochdi, desak aslo mubolagʻa boʻlmaydi.
Chunki, musobaqada erkaklar terma jamoamiz bironta ham oʻyinda magʻlubiyatga uchramasdan olimpiada chempioni boʻlishdi. Ular yosh boʻlishiga qaramasdan oʻzbek shaxmatida katta tarix yarata olishdi.
Bugun butun dunyo oʻzbek shaxmatchilarining salohiyati qay daraja yuqori ekanligini yana bir bora koʻrdi va tan berdi.
Yosh qahramonlarimiz haqida taniqli jurnalist, publitsist Husan Karvonli muallifligida “Oʻzbek shaxmatining oltin avlodi” nomli kitob chop etildi. Unda yosh shaxmatchilarimizning hozirga qadar erishgan yutuqlari va shaxmatdagi faoliyati haqida soʻz yuritiladi.
Taʼkidlash joiz, ushbu kitob “Yeng ulugʻ, eng aziz” tanlovida ham 1-oʻringa loyiq koʻrildi.
Kuni kecha mazkur kitobning taqdimot marosimi boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Saʼdullayev, yosh shaxmatchilarimizdan Javohir Sindorov hamda Nodirbek Abdusattorov, ularning oila aʼzolari, kuni kecha Polsha davlatida oʻtkazilgan eshitishda nuqsoni bor sportchilar oʻrtasida jahon chempionati gʻolib va sovrindorlari, shaxmat ixlosmandlari, shuningdek OAV vakillari ishtirok etishdi.
Tadbirda soʻzga chiqqanlar kitob borasida oʻzlarining iliq fikrlarini bildirib oʻtishdi. Biz ham oʻz oʻrnida shaxmatchilarimizning hali koʻp bora chempion boʻlishlariga ishonamiz. Zero, shaxmatchilarimiz hali juda yosh. Demakki, ular hali koʻp marralarni zabt etishadi.