Oʻzbek siyosatshunos olimi xalqaro miqyosda tan olindi

    Fan 25 Aprel 2024 334

    Siyosiy fanlar doktori, professor Shukritdin Paxrutdinovning “Taraqqiyotga tahdid: nazariya va amaliyot” nomli monografiyasi xalqaro maydonda katta qiziqish va ehtiyoj bilan 8 tilda jumladan, ingliz tilida ham chop etildi.

    Siyosatshunoslik fanining Markaziy Osiyodagi yetuk vakili, Oʻzbekiston Milliy universiteti huzuridagi siyosiy fanlar boʻyicha ixtisoslashgan ilmiy kengash raisi, Rossiya politologlar milliy assotsiatsiyasi aʼzosi, Oʻzbekiston hamda xorijda bir qator monografiya, darslik, oʻquv qoʻllanmalar muallifi boʻlishi bilan birga Buyuk Britaniya, Hindiston, Kanada, Ukraina, Rossiya kabi mamlakatlarda 300 dan ortiq chop etilgan ilmiy maqolalari bilan xalqaro ilmiy jamoatchilikka tanilgan siyosiy fanlar doktori, professor Shukritdin Paxrutdinovning yana bir ilmiy-tadqiqoti xalqaro miqyosda tan olindi.

    Professor Ш.Пахрутдиновнинг hozirgi murakkab, tahlikali va ziddiyatli hodisa-jarayonlar nazariy tahliliga bagʻishlangan «Taraqqiyotga tahdid: nazariya va amaliyot» nomli monografiyasi Daniya, Germaniya, Italiya, Latviya, Portugaliya, Fransiya, Yaponiya va AQSH davlatlarining davlat nashriyotlari tomonidan xalqaro maydonda katta qiziqish va ehtiyoj bilan ingliz tilida chop etildi.

    Ushbu monografiyada dunyoviy taraqqiyotga xavf-xatar va tahdidlarning yuzaga kelishi omillari, jamiyat hayotiga salbiy taʼsiri, bartaraf etish yoʻl-yoʻriqlari hamda «Tahdidbardosh jamiyat»ni barpo etishda jahon va Oʻzbekiston tajribasi yoritilganligi sababli, bugun turli ilmiy hamjamiyatlar tomonidan yuksak eʼtirof etib kelinmoqda.

    Siyosatshunos olimning mazkur monografiyasida «Tahdidbardosh jamiyat» tushunchasining ilmiy tavsifini birinchi marotaba yoritganligi sababli, xalqaro miqyosda uning muallifi sifatida tan olindi va tasdiqlandi.

    Eng ahamiyatlisi, Ш.И.Пахрутдиновнинг mazkur «Tahdidbardosh jamiyat»ni belgilovchi ilmiy tushunchalar toʻplami (jamlanmasi) Rossiya Federatsiyasi intellektual mulk boʻyicha federal xizmati «Maʼlumotlar bazasining davlat roʻyxati»ga kiritildi.

    Mazkur maʼlumotlar bazasida «Tahdidbardosh jamiyatni» toʻliq tavsiflash imkonini beruvchi soʻzlar, fikrlar mavjud boʻlib, unda keltirilgan ilmiy tushunchalar milliy va xalqaro siyosatshunoslik fani kesimida birinchi marta taʼriflanganligi belgilanib, unda keltirilgan boshqa iboralar siyosatshunoslik, sotsiologiya va davlat boshqaruvi sohasidagi zamonaviy ilmiy yoʻnalishlarga muvofiq qayta koʻrib chiqilganligi qayd etilgan.

    Siyosiy fanlar doktori Ш.Пахрутдиновнинг ushbu maʼlumotlar bazasi asosida qurilgan konseptual apparati hozirgi zamonaviy dunyoda sodir boʻlayotgan jarayonlarni obyektiv baholash va ilmiy siyosiy tahlil qilish imkonini beradi. «Tahdidbardosh jamiyat» konseptual apparatining qoʻllanish sohalari (maydoni): siyosatshunoslik, ijtimoiy falsafa, sotsial psixologiya, sotsiologiya fanlari hisoblanadi.

    Oʻzbek olimining ushbu «Tahdidbardosh jamiyat»ni belgilovchi tushunchalar toʻplami (jamlanmasi) Rossiya Federatsiyasi intellektual mulk boʻyicha federal xizmati «Maʼlumotlar bazasining davlat roʻyxati» kiritilganligi nafaqat milliy siyosatshunoslik fanini yaratish va ravnaqiga hissa qoʻshish balki politologiyaning xalqaro miqyosda rivojlanishiga katta hissa qoʻshganligi bilan ahamiyatlidir.

    Kamoliddin MIRZAAHMEDOV,

    Oʻzbekiston Milliy universiteti professori в.б, siyosiy fanlar doktori