◾️Joriy yilning yanvar oyidagi real samarali almashuv kursi indeksi dinamikasida:

▫️oshiruvchi omillar: savdo-hamkor davlatlar valyuta kurslari oʻzgarishi – 3,1 foiz band, ichki inflyatsiya – 0,9 foiz band, soʻm almashuv kursi – 0,3 foiz band;

▫️pasaytiruvchi omil: savdo-hamkor davlatlar inflyatsiyasi – 3,5 foiz bandni tashkil etdi.

Savdo-hamkor davlatlar valyutalari kursi yanvar oyi davomida AQSH dollariga nisbatan turlicha dinamikani namoyon etdi:

Rossiya rubli 3,4 foizga (74,8 dan 77,3 ga) qadrsizlandi. Bu Rossiya va Gʻarb davlatlari oʻrtasida geosiyosiy masalalarda konsensusga erishilmayotgani va yuqori noaniqliklar bilan izohlanadi.

Qozogʻiston tengesi neft narxining oʻsishi fonida biroz (0,07 foizga) mustahkamlandi.

Turk lirasi 2022-yil yanvar oyi davomida tebranish bilan shakllanib, biroz mustahkamlandi. Bunga oʻtgan yil dekabr oyida amalga oshirilgan katta hajmdagi intervensiyalar va Turkiya hukumati tomonidan milliy valyutani qoʻllab-quvvatlovchi chora tadbirlar asosiy hissa qoʻshdi.

Xitoy yuani yanvar oyi davomida kichik tebranishlar bilan shakllanib, oʻtgan oyga nisbatan deyarli oʻzgarmadi.

2022-yil yanvar oyida ham asosiy savdo-hamkor davlatlarning deyarli barchasida inflyatsiya koʻrsatkichi oʻsishda davom etdi:

Rossiyada oylik inflyatsiya 1,07 foizni tashkil etib, yillik hisobda 8,8 foizdan oshdi (28-yanvar holatiga koʻra). Aholining inflyatsion kutilmalari esa joriy yil yanvar oyida 13,7 foizga 3 tushdi (2021-yil dekabr oyida 14,8 foizni tashkil etgan). Sezilgan inflyatsiya darajasi ham 17,7 foizdan 16,7 foizga pasaydi. Rossiya Markaziy banki taʼkidlashicha, yanvar oyida asosiy oziq-ovqat tovarlarning narxlari oʻsishining sekinlashishi inflyatsion kutilmalar va sezilgan inflyatsiya darajasining pasayishiga olib kelgan.

Qozogʻistonda oylik inflyatsiya darajasi 0,7 foizni tashkil etib, yillik inflyatsiya koʻrsatkichi 8,5 foizga yetdi. Bunga, asosan, xizmatlar va nooziq-ovqat mahsulotlari narxlari oʻsishi hissa qoʻshgan. Xizmatlar yanvar oyida 0,6 foizga oʻsib, yillik hisobda 6,8 foizda shakllandi. Nooziq-ovqat inflyatsiyasi esa oylik 0,3 foiz va yillik 8,5 foizni tashkil etdi. Bunda energiya resurslar va avtomobillar narxining oshishi inflyatsiyaning tezlashishiga hissa qoʻshmoqda. Oziq-ovqat inflyatsiyasi esa oylik 0,1 foizda shakllanib, nisbatan barqaror boʻldi.

Turkiyada oylik inflyatsiya koʻrsatkichi 11,1 foizni tashkil etib, yillik hisobda 48,7 foizga yetdi. Shuningdek, mamlakatda ishlab chiqaruvchilar narxlari indeksi oylik hisobda deyarli 10,5 foizga oʻsib, yillik 93,5 foizgacha koʻtarildi.

2022-yilning 1-yanvar sanasidan Turkiyada mamlakat boʻylab elektr va tabiiy gaz tariflari oshirilishi, shuningdek, import narxlari hisobiga inflyatsiya koʻrsatkichi yuqori darajada shakllandi.

Manba