2002 - yil 7 - iyunda SHHTga a’zo davlatlar rahbarlari kengashining Sankt-Peterburgda o‘tkazilgan majlisida SHHTning Mintaqaviy aksilterror tuzilmasini tashkil etish to‘g‘risida bitim imzolangan. Shtab-kvartirasi Toshkent shahridagi joylashgan Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi SHHTning doimiy organi sifatida o‘zaro hamkorlik doirasida terrorizm, ekstremizm va separatizmga qarshi kurashni muvofiqlashtirib kelmoqda.

Tuzilmaning xalqaro nufuzi yildan-yilga ortib, ko‘p tomonlama hamkorlikning yorqin namunasiga aylanib bormoqda. Shu bois o‘zbekistonlik talabalar SHHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasining zamonaviy muammolar hamda mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash, global tahdidlarga qarshi kurashish borasidagi faoliyati bilan yaqindan tanishish istagini bildirdilar.

Shu sababli O‘zbekistonda SHHTning Xalq diplomatiyasi markazi tomonidan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamda Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti talabalari uchun Mintaqaviy aksilterror tuzilmasining Ijroiya qo‘mitasida uchrashuv tashkil etildi.

Uchrashuv davomida MATT Ijroiya qo‘mitasi direktori Ruslan Mirzayev ishtirokchilarni tuzilmaning shakllanish bosqichlari, tashkiliy-huquqiy asoslari hamda faoliyatining asosiy tamoyillari va yo‘nalishlari bilan tanishtirdi.

O‘z navbatida, SHHT Xalq diplomatiyasi markazi direktori Qobiljon Sobirov talabalarning Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi vakillari bilan uchrashuvini tashkil etishdan asosiy maqsad — ekstremizm va terrorizm g‘oyalari tarqalishining oldini olish, yoshlar qalbida vatanparvarlik va sadoqat tuyg‘usini shakllantirishda xalq diplomatiyasi vositalaridan kengroq foydalanish g‘oyalarini ilgari surishdan iborat ekanini ta’kidladi.

Shuningdek, u xalq diplomatiyasi global xavfsizlikka turli tahdidlarga qarshi kurashishning samarali vositasi va barcha jabhada — fan va biznesdan tortib, madaniy-gumanitar almashinuvgacha qadar bo‘lgan xalqaro hamkorlikning asosi ekanligi haqida to‘xtaldi.

Uchrashuvda faqatgina yoshlar emas, balki butun jamiyatda ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish va ularga barham berish bilan bog‘liq xavfsizlik sohasidagi yangi chaqiriq va tahdidlar yuzasidan fikr almashildi.

Tuzilma rahbari mintaqadagi vaziyat, jumladan, Afg‘oniston mavzusi, kibermakondagi tahdidlarga qarshi kurashish, narkotik moddalarning noqonuniy aylanishi, terrorizmga qarshi kurashish, shuningdek, SHHT davlatlarining xalqaro-huquqiy sohadagi o‘zaro hamkorligiga oid savollarga atroflicha javob berdi.

Talabalar tadbir tashkilotchilariga samimiy minnatdorchilik bildirib, uchrashuv Shanxay halqaro tashkilotining doimiy tuzilmasi faoliyatini yanada chuqurroq o‘rganishga, umuman olganda, xalqaro xavfsizlikni ta’minlash, zaminda barqarorlik va tinchlikni saqlash bo‘yicha SHHTga a’zo davlatlarning sa’y-harakatlarini rag‘batlantirish uchun qulay imkoniyat ekanligini ta’kidladi.

Yoshlar kelgusida ham bu kabi mazmunli tadbirlarni o‘tkazishga katta qiziqish bildirdilar.

O‘zbekistondagi Shanxay hamkorlik tashkilotining

Xalq diplomatiyasi markazi Axborot xizmati