Mamlakatimizning Yaponiyadagi elchixonasi tashabbusi bilan Tokio xorijiy tillar universitetida Oʻzbek tili bayrami kuni nishonlandi.  

Mazkur oliy taʼlim dargohida oʻzbek tilini oʻrganayotgan 30 nafarga yaqin talaba hamda professor-oʻqituvchilar ishtirokida oʻzbek tili bayramiga bagʻishlangan maxsus dars tashkil etildi.

Maxsus dars davomida yapon talabalarining yurtimizga boʻlgan qiziqishini oshirish maqsadida "Siz Oʻzbekistonni bilasizmi?" viktorinasi oʻtkazilib, gʻoliblarga esdalik sovgʻalari taqdim etildi. 

Bugungi kunda yapon universiteti tomonidan Toshkent davlat sharqshunoslik va Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetlari bilan hamkorlik aloqalari oʻrnatilgani, shuningdek, joriy yilda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti bilan Hamkorlik memorandumi imzolangani, kelgusi yildan boshlab esa talabalar almashuvi dasturlari boshlanishi mamnuniyat bilan qayd qilindi.

Uchrashuvda Tokio xorijiy tillar universiteti tomonidan yurtimizning pedagog kadrlari uchun qisqa muddatli malaka oshirish dasturlarini tashkil qilish, PHD bosqichi talabalari qabulini koʻpaytirish hamda Oʻzbekistonda yapon tilini oʻrgatayotgan oliy taʼlim muassasalarida onlayn darslar tashkil etilishi boʻyicha ham kelishuvga erishildi.

Maʼlumot tariqasida qayd etish joizki, Yaponiyaning eng keksa davlat universitetlaridan biri — Tokio xorijiy tillar universiteti 1873-yilda tashkil etilgan boʻlib, uning uchta fakultetida til va madaniyat, xalqaro va mintaqaviy tadqiqotlar hamda yaponshunoslik fanlari oʻrganiladi. Jami 4208 nafar talabaning 687 nafari 84 mamlakatdan kelgan xorijiy talabalardir. Oʻzbekistondan 13 nafar talaba tahsil oladi.  

Universitetda oʻzbek tili 2009-yildan buyon asosiy til sifatida oʻqitilib kelinmoqda. Hozirgi paytda 45 nafarga yaqin talaba oʻzbek tilini oʻrganmoqda.