Darhaqiqat, sobiq sovet tuzimi davrida juda koʻp narsalarni yoʻqotdik. Xususan, tilimizni boy berdik. Ruscha soʻzlar oʻzbekchasi bilan aralashib, tushunarsiz, oʻrinsiz gaplar hosil boʻldi. Shu kungacha ham ana shu dagʻal soʻzlardan voz kechishga qiynalyapmiz.
Chunki inson dunyoga kelar ekan tili “ona” deb chiqadi. Millatning oʻzligi, tirikligi ona tili bilan oʻlchanishi ham bejiz emas. Shu sababdan boʻlsa kerak tilimizni bizni oq yuvib, oq taragan, bizga ulkan imkoniyatlar eshigini ochib bergan onalar kabi qadrlaymiz, ulugʻlaymiz.
Biz tilimizning naqadar azaz va boqiyligini kelajak avlod ongiga singdirish, unga muhabbat, sadoqatni yanada oshirish maqsadida joylarda turli targʻibot tadbirlarini oʻtkazamiz. Har yili tilimizga boʻlgan eʼtibor va eʼtirof tufayli oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganini faxr-iftixor bilan nishonlayapmiz. Xususan, oktyabr oyi “Ona tili oyligi” deb eʼlon qilinganligi ham bejiz emas albatta.
Biz bu bayramni “Ona tilim — jonu dilim”, “Tilga eʼtibor — elga eʼtibor”, “Til — millat koʻzgusi”, “Til — xalq boyligi”, “Oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilsin!”, “Tilga hurmat — elga hurmat” kabi rang-barang shiorlar ostida oʻtkazamiz. Ayniqsa, taʼlim muassasalarida boʻlib oʻtayotgan turli uchrashuv va davra suhbatlari bu borada fikrimizga dalildir.
Shu bois yashash tarzimiz, kiyinishimiz, ovqatlanishimiz, hattoki yurish-turishimiz negizida ona tilimizning beminnat xizmati yotadi. Til nafaqat muomala vositasi, balki xalqning madaniyati, urf-odati, turmush tarzi va tarixi hamdir. Ona tili Vatanga muhabbat, milliy iftixor, ajdodlarga hurmat va shuning barobarida avlodlarimizga izzat va hurmat ramzidir. Oʻz tilini asrab-avaylagan xalq oʻzligini ham asrab-avaylaydi.
Maʼnaviyatning koʻzgusi boʻlgan ona tiliga boʻlgan munosabat shaxsning maʼnaviyatga boʻlgan munosabatini ham belgilaydi.
Ona tiliga davlat tili maqomi berilganiga 32 yil toʻlgan boʻlsa-da, hamon tilimizni buzib koʻrsatishlar, turli shevalarda talaffuz qilishlar mavjud. Qonun bor, moddalar belgilangan. Yaqinda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan qonun hujjatiga oʻzgartirish va qoʻshimcha kiritish boʻyicha taklif kiritilganda bir guruh deputatlar qarshi chiqqani esa Davlat tilida ish yuritishni yanada ortga surdi. Bu borada qiladigan ishlarmiz juda koʻp ekanligini anglab yetdik. Koʻcha yozuvlari, fuqarolarning hujjatlarida, paynet va terminal qogʻozlaridagi xatoliklarni qachon tuzatamiz?! Telegram, internet tarmoqlarini gapirmasa ham boʻladi.
Ayniqsa, telekoʻrsatuvlar, milliy kinolar shevalarda tarjima qilinayotgani esa bizning yana bir ogʻriqli nuqtamizdan biridir. Koʻchalardagi, peshtoqlardagi reklama vositalari yozuvlariga hamon panja ortidan qarayotganimiz ham achinarli holdir. Uning xatoliklarini toʻgʻrilashga reklama beruvchi ham, reklama iluvchi ham birdek masʼul hisoblanadi. Umumtaʼlim maktablarida ona tiliga munosabat ham ogʻir ahvolda. Sinf oʻquvchilari insho yozganida ana shu munosabat yaqqol koʻrinib qolmoqda. Taʼlim tizimini nazorat qilish orqali ona tili darslarini koʻpaytirish, oliy oʻquv yurtlarida ona tili oʻqituvchilari uchun alohida va qoʻshimcha darsliklar ishlab chiqarish va hayotga tatbiq etish darkor.
Davlatning bosh ijtimoiy vazifasi oʻz hududida davlat tili qanday shaklda boʻlishini taʼminlash boʻlsa, bizning vazifamiz isteʼmolchi sifatida tilimizga qanday qarashimizga bogʻliq ekan. Oʻzlashtirilayotgan soʻzlarning kirib kelishi tilimizning buzib koʻrsatishlarga olib kelayotgan ekan, demak ularga ham chegara qoʻyish zarur.
Bunda imlo qoidalarini maʼlum meʼyorga keltirish muhim ahamiyatga ega. Biz millat bolalarini tarbiyalashga bugun yaxshi muhit yaratishimiz kerak. Birinchi navbatda 2 xil yozuvdan voz kechib, bir xillikka oʻtish vaqti keldi. Imlo qoidalarini takomillashtirish, oʻqituvchilarning masʼuliyatini kuchaytirish, yozma nutqni oʻstirish ham tilimizdagi gʻalizliklarga barham berishi mumkin.
Davlat tilini boyitish va yanada takomillashtirish, til madaniyatini, oʻzaro muomila sifatini yuksaltirishga yoʻnaltirilgan chora-tadbirlar majmuasini ishlab chiqish, ommaviy muomilada oʻzbek adabiy tili meʼyor va qoidalarining buzilishini oldini oladigan aniq maqsadli ishlarni olib borishga alohida eʼtibor qaratish bugungi kun talabi.
Demak, tilimizni asrab-avaylash nafaqat tilshunoslar, balki shu millatning farzandiman degan har bir fuqaroning burchi boʻlishi zarur.
Hursanoy ISLOMOVA,
Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi Fargʻona viloyat boʻlimi rahbari