Oʻzbek toʻqimachilari Yevropaning eng yirik savdo uylari tarmogʻi bilan hamkorlik qiladi

    Mamlakatimiz korxonalarining xorijiy brendlar ishlab chiqarish zanjiriga qo'shilishi bo'yicha etakchi kompaniyalar va riteylerlar bilan hamkorlik o'rnatish tadbirlari doirasida O'zbekistonning Ispaniyadagi elchixonasi tomonidan “El Sorte Ingles” kompaniyasi va “O'zto'qimachiliksanoati” uyushmasi o'rtasida onlayn muzokaralar tashkil etildi.

    Unda Ispaniya tomonidan “El Sorte Ingles” kompaniyasi vakili Pedro Kazero Sanches-Atiyensa (Pedro Casero Sanchez-Atienza) va “Gedepsa” konsalting promouter kompaniyasi rahbari Alexandro Pastrana Molero (Alejandro Pastrana Molero), mamlakatimiz tomonidan “Oʻztoʻqimachiliksanoati” uyushmasi raisi Ilhom Haydarov hamda uyushma mutasaddilari ishtirok etishdi.

    Videomuloqot mobaynida “Oʻztoʻqimachiliksanoati” uyushmasi raisi I.Haydarov kompaniya vakilini Oʻzbekistonning toʻqimachilik sohasidagi salohiyati toʻgʻrisidagi taqdimotni xorijlik kasbdoshlari eʼtiboriga havola qildi. Jumladan, davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan keng koʻlamdagi islohotlar natijasida hozirgi kunda Oʻzbekistonning toʻqimachilik sohasi tubdan oʻzgargani, paxta yetishtirish va uni qayta ishlash, tayyor mahsulot yaratish klaster tizimi asosida amalga oshirilayotganini haqidagi maʼlumotlarga alohida eʼtibor qaratildi.

    Shuningdek, barcha jarayon klaster kompaniyalari tomonidan olib borilishi natijasida mazkur soha bozor iqtisodiyoti tamoyillari asosida faoliyat olib borayotganligi va hxozirgi kunda mamlakatda yetishtiriladigan 1 million tonna paxta toʻlasincha Oʻzbekistonda qayta ishlanayotgani taʼkidlandi. Oʻzbek kompaniyalari oʻz mahsulotlari uchun Yevropa Ittifoqi bozorida talab etiladigan eng nufuzli halqaro sertifikatlarga ega boʻlayotgani va bunday kompaniyalar soni kundan kunga ortib borayotgani maʼlum qilindi.

    Shu oʻrinda 2021-yilning 9-aprelida Oʻzbekiston Yevropa Ittifoqiga qator mahsulotlarni imtiyozli shartlarda yetkazib berish imkonini beruvchi GSP+ dasturiga aʼzo boʻlgani Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga tekstil mahsulotlarini eksport qilishda bojxona toʻlovlari yoʻqligi va mamlakat hukumati tomonidan yuqori qoʻshimcha qiymatga ega tovarlarning eksportida transport xarajatlarini 50 foiz qoplab berilishi Oʻzbekiston bilan tayyor toʻqimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarishda hamkorlik aloqalarini oʻrnatish hozirgi kunda juda dolzarb ekanligi qayd etildi. Bundan tashqari, 2011-yilda xalqaro Cotton Campaign koalitsiyasi tomonidan paxta yetishtirishda majburiy va bolalar mehnatidan foydalanib kelinganligi sababli Oʻzbekiston paxtasiga qoʻyilgan boykot joriy yilning 10-mart kuni olib tashlaganini ham alohida taʼkidlandi.

    Bularning barchasi bugungi kunda “El Sorte Ingles” kompaniyasi tomonidan unga tegishli boʻlgan brendlar uchun mamlakatimizning tekstil sohasidagi keng imkoniyatlari va fabrikalarimizning xalqaro andozalarga toʻliq javob bera oladigan tayyor mahsulotni ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanishini yoʻlga qoʻyish boʻyicha juda yaxshi imkoniyat berayotganligiga alohida eʼtibor qaratildi.

    Muzokaralar jarayonida “El Sorte Ingles” kompaniyasi vakili P.Kazero mamlakatimizdagi barcha ijobiy oʻzgarishlarni, jadal olib borilayotgan islohotlarni, Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi nufuzi oʻsib borayotganini alohida eʼtirof etdi. Oʻz navbatida, kompaniya hozirgi kunda oʻzbek tekstil fabrikalarining taqdimot materiallari bilan tanishayotgani va qator yoʻnalishlarda, jumladan, trikotaj, uy tekstili va ichki kiyimlar boʻyicha buyurtmalarni Oʻzbekiston ishlab chiqaruvchilariga taqdim etish masalasi kompaniya mutaxasislari tomonidan oʻrganib chiqilayotgani maʼlum qilindi.

    Shu bilan birga, “Gedepsa” kompaniyasi rahbari A.Pastrana joriy yil 27-29-aprel kunlari Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan “UzTextileExpo Spring 2022” xalqaro koʻrgazmada ishtirok etgani va mazkur tadbir mobaynida Oʻzbekistonning yetakchi kompaniyalari bilan uchrashgani holda ularning mahsulotlari bilan ham tanishganini aytdi. A.Pastrananing bildirishicha, oʻzbek ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlari yuqori sifati va, eng muhimi, oʻzining kafotlatlangan xom-ashyo bazasi borligi ularga juda ham katta raqobatbardoshlik va uzoq muddatli hamkorlik oʻrnatish jozibadorligini beradi.

    Muzokaralar natijasida tomonlar ekspertlar darajasida maʼlumotlar almashuvini yoʻlga qoʻyishga va yaqin kunlarda xorijiy kompaniya vakillaridan iborat delegatsiyani Oʻzbekistonga safarini amalga oshirish yuzasidan kelishuvga erishildi.

    Maʼlumot tariqasida qayd etish joizki, “El Corte Inglés” kompaniyasi 1940-yili Ispaniya savdo uylari tarmogʻinim tashkil etgan. U Yevropada eng katta va jahonda toʻrtinchi oʻrindagi universal savdo tarmogʻi hisoblanadi. El Corte Inglés kompaniyasining 92 savdo majmualari mavjud boʻlib, 89 tasi Ispaniyada, 2 tasi Portugaliyada, 1 tasi esa Italiyada joylashgan. Kompaniyaning 81 ming nafar ishchisi bor. Uning 2020-yildagi aylanmasi 10,4 mlrd yevroni, sof foydasi esa 142 mln yevroni tashkil etgan.