Anjumanda soʻzga chiqqan Sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari U. Sabirov taʼkidlanganidek, keyingi yillarda Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida eng ilgʻor diagnostika va davolash usullari yoʻlga qoʻyildi.
Roppa-rosa 90 yillik faoliyat tajribasiga ega muassasada yiliga 3 000ga yaqin endoprotezlash, 3 500 dan ziyod artroskopik operatsiyalar oʻtkazilyapti. Bundan tashqari, umurtqa jarrohligi, shu jumladan, transpedikulyar stabilizatsiya, vertebroplastika singari murakkab muolaja turlari amaliyotga tatbiq etildi.
Suyak sinishlarini davolashda bloklovchi osteosintez deb ataluvchi zamonaviy operatsiya usulidan foydalana boshlandi.
Shuningdek, markaz “asr kasalligi” deb tan olingan osteoporoz xastaligini oʻrganish va davolash boʻyicha mamlakatimizdagi yetakchi tibbiyot muassasasi hisoblanadi.
Bu yerda rentgenodensitometriya, dopplerografiya, kompyuter podometriyasi singari zamonaviy tashxislash usullari amalda. Qolaversa, bu singari yuqori texnologik amaliyotlar markazning hududiy filiallarida ham oʻzlashtirilmoqda. Endilikda murakkab amaliyotlarni tumanlar darajasiga tushirish choralari koʻrilyapti.
Muhimi, bunday saʼy-harakatlar natijasida yurtdoshlarimizning tayanch-harakat tizimi xastaliklari muolajasi uchun xorijiy mamlakatlarga borishiga hojat qolmadi. Syezdda ana shu yutuqlar nafaqat yurtimiz vakillari, balki xorijlik qatnashchilar tomonidan ham eʼtirof etildi.
Kun tartibidan tayanch-harakat aʼzolari jarohatlari va kasalliklarining oldini olish, tashxislash hamda davolash, osteosintez muolajasining eng yangi usullari, yirik boʻgʻimlar artroskopiyasi va endoprotezlash operatsiyalari, umurtqa jarrohligi, bolalar travmatologiyasi va ortopediyasi masalalari hamda osteoporoz muammolariga bagʻishlangan qator maʼruzalar oʻrin olgan.
Anjuman doirasida bolalarda tugʻma maymoqlikni Ponseti usulida davolash mavzusida simpozium va skolioz kasalligini yangi jarrohlik texnologiyalari orqali muolaja qilishga bagʻishlangan mahorat darsi oʻtkazilishi belgilangan.
Binobarin, travmatologiya va ortopediya yoʻnalishida qoʻllaniladigan zamonaviy dori vositalari hamda tibbiy qurilmalarni ishlab chiqaruvchi nufuzli kompaniyalar mahsulotlari koʻrgazmasi tashkil etiladi, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.
Syezd oʻz ishini davom ettiradi.