O‘zbekistonda birinchi sirk binosi 1914 yil qurilgan bo‘lib, 1966 yilgacha, ya’ni zilzila yuz bergunga qadar muvaffaqiyatli faoliyat yuritgan. Zilzila natijasida bino foydalanishga yaroqsiz holatga kelib qolganligi sababli 1976 yilda O‘zbek davlat sirkining yangi binosi quriladi. Bugungi kungacha o‘z mavqeini saqlab qolgan Toshkent sirki 100 yildan ortiq tarixga ega madaniy inshoot hisoblanadi.
Hujjatli filmning tasvirga olish ishlari asosan Toshkent shahrida bo‘lib o‘tdi. Film ijodkorlari o‘zbek sirk san’ati tarixi bilan bog‘liq kadrlarni Buxoro viloyatida suratga olib qaytishdi. Film rejissyori Izzat Mansurov, ssenariy muallifi Xurshida Ismoilova, Operator Nosirbek Bo‘ribekov.
- Filmda o‘zbek sirk san’ati tarixi, bugungi kundagi faoliyati, sirk ustalarining hayvonlar bilan qanday ishlashi haqida hikoya qilinadi. Bundan tashqari, filmda Buxoro amiri Amir Olimxonning sirk san’atini yaxshi ko‘rgani hamda o‘zbek milliy sirk san’atining asoschilaridan Toshkanboy Egamberdiyev va Karim Zaripovlarga zarbop to‘n tuhfa qilgani kabi voqealar o‘rin olgan, – deydi film rejissyori.