Kinematografiya agentligi, “Oʻzbekfilm” kinokonserni” DUK hamda “Tojikfilm” DM tomonidan “Yulduzlar shuʼlasi: Jomiy va Navoiy” tarixiy filmi suratga olinadi.
Ushbu filmda Jomiy va Navoiyning hayoti hamda ijodi, ikki buyuk shoirning falsafiy qarashlari, xalqchilligi, doʻstona munosabati haqida hikoya qilinadi. Kinokartina syujeti “Ikkinchi Renessans” davrini qamrab oladi. Suratga olish ishlari ikki shoir hayotida muhim oʻrin tutgan lokatsiyalarda olib boriladi.
Kinokartinada oʻzbek va tojik kinoijodkorlari hamkorlikda ishlaydilar. Yana bir eʼtiborli jihati, filmni tasvirga olish jarayonlarida fransiyalik taniqli kinorejissyor, ssenariynavis, prodyuser va aktyor Lyuk Besson ham ishtirok etadi.
Film ssenariysi mualliflari – Rustam Jabborov, Safar Haqdorov, Yusuf Roziqov, Firdavs Abduxalikov, postanovkachi rejissyorlar – Yusuf Roziqov, Fayzullo Fayz.
Eslatib oʻtamiz, film yaratish boʻyicha memorandum Oʻzbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligi va “Tojikfilm” kinostudiyasi rahbariyati oʻrtasida 2022-yilda oʻtkazilgan XIV Toshkent xalqaro kinofestivali doirasida imzolangan edi.