Oʻzbek va tojik kinoijodkorlari Jomiy hamda Navoiy haqida film suratga oladi

    Madaniyat 9 Iyul 2021 837

    Oʻzbekiston Kinematografiya agentligida Oʻzbekiston va Tojikiston kinoijodkorlari hamkorligida yangi kinoloyihalarni yaratish boʻyicha onlayn muloqot tashkil etildi. Unda har ikki davlatning taniqli kinoarboblari, olim va yozuvchilari ishtirok etishdi

    Anjumanda soʻzga chiqqan Oʻzbekiston Kinematografiya agentligi direktori Firdavs Abduxoliqov, Tojikistonning Oʻzbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Abdujabbor Rahmonzoda, “Tojikfilm” davlat muassasasi rahbari Mahmasaid Shohiyon hamkorlikda amalga oshirilajak loyihalarning ahamiyati, kelgusidagi rejalar xususida soʻz yuritishdi. Taʼkidlanganidek, 10-12-iyun kunlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Tojikistonga tashrifi davomida barcha sohalar qatori madaniy aloqalarni ham rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi. Tashrif asnosida oʻzbek kinoustalari tomonidan yaratilgan “Ilhaq” badiiy filmi, “Abdurahmon Jomiy”, “Yagona osmon ostida”, “Xalq yuragi” hujjatli filmlari namoyish qilindi. Mazkur filmlar tojik kino muxlislari tomonidan samimiy qabul qilindi.

    Prezidentimiz ushbu tashrif davomida Tojikistonda oʻtkazilgan oʻzbek kinosi kunlari muvaffaqiyatli oʻtganini qayd etib, buyuk ajdodlarimiz – Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiy haqida hamkorlikda badiiy film yaratish vaqti kelganini taʼkidladi. Bu taklif Tojikiston rahbari tomonidan ham qoʻllab-quvvatlandi. Onlayn anjumanda ham aynan shu masalaga alohida ahamiyat qaratildi. Darhaqiqat, Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiy oʻrtasidagi munosabatlar haqida koʻplab ilmiy va badiiy asarlar yaratilgan. Bir qator hujjatli filmlar suratga olingan. Ammo, shu paytga qadar yaratilgan ekran va sahna asarlarida bu ikki ulugʻ mutafakkir doʻstligi yetarlicha yoritilmagan.

    Soʻzga chiqqanlar bu mavzuda yaratiladigan badiiy filmda tarixiy, ilmiy va adabiy manbalardan mavzuga doir maʼlumotlarni toʻplash va saralash, ikki buyuk mutafakkir munosabatlari timsolida oʻzbek va tojik xalqlarini asrlar davomida bir-biriga chambarchas bogʻlab kelgan doʻstlik va qardoshlik rishtalariga alohida eʼtibor qaratish lozimligini taʼkidladilar. Anjumanda dastavval har ikki mamlakatning olimlari va ijodkorlari orasidan mavzuga doir adabiyotlar, maʼlumotlarni saralash uchun ijodiy guruhni shakllantirish lozimligi qayd etildi. Mazkur maʼlumotlar asosida oʻzbek va tojik kinoijodkorlari tomonidan ssenariy yaratiladi, keyingi bosqichda esa, rejissyor va aktyorlar aniqlanadi. Bu boradagi ishlarning borishini qatʼiy nazorat qilish maqsadida har haftada muntazam ravishda ikki davlat kinoarboblari ishtirokida onlayn muloqot oʻtkazib borishga kelishib olindi.

    Shuningdek, muloqotda oʻzbek va tojik kinoustalari hamkorligida boshlangan ikki loyiha – “Notanish yulduz” hamda “Toshlar va suv” filmlarini suratga olish yuzasidan ham oʻzaro fikr almashildi, deb xabar beradi Kinematografiya agentligi matbuot xizmati.