O'zbek va turkman xalqlari do'stligi festivali bo'lib o'tadi

    Joriy yilning 16-17-noyabr kunlari Turkmanistonning Dashovuz shahrida o'zbek va turkman xalqlari do'stligi festivali bo'lib o'tadi.

    So'nggi yillarda O'zbekiston va Turkmaniston o'rtasidagi hamkorlik munosabatlari turli jabhada, xususan, madaniy-gumanitar sohada jadal rivojlanib bormoqda. Bunda oliy va yuqori darajadagi o'zaro tashriflar muntazamlik kasb etib, ular doirasida qator kelishuvlarga erishilayotgani muhim o'rin tutmoqda.

    Ikki davlat hududida tashkil etilayotgan yirik tadbir va anjumanlarda soha vakillarining faol qatnashayotgani o'zaro aloqalarning amaliy ifodasi sifatida namoyon bo'lmoqda.

    Joriy yilning 16-17-noyabr kunlari Turkmanistonning Dashovuz shahrida o'zbek va turkman xalqlari do'stligi festivali bo'lib o'tadi.

    Ushbu nufuzli tadbirda ishtirok etish uchun madaniyat va san'at namoyandalari, yozuvchi va shoirlar, hunarmandlar, jami yuzdan ortiq ijodkorlardan iborat O'zbekiston delegasiyasi Dashovuz shahriga tashrif buyurdi. Ayni paytda ular o'ziga xos do'stlik bayramiga qizg'in tayyorgarlik ko'rishmoqda.

    Festival doirasida ikki davlat san'at ustalari ishtirokida konsert dasturlari, spektakllar namoyishi, har ikki taraf shoir va yozuvchilari, kino sohasi vakillarining ijodiy uchrashuvi, fil`mlar namoyishi, amaliy san'at hamda zargarlik buyumlari ko'rgazmasi o'tkazilishi rejalashtirilgan.

    O'ylaymizki, ushbu festival uning ishtirokchilarida unutilmas taassurot qoldiradi, ikki qardosh xalq munosabatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.