Forumning barcha tadbirlari Oʻzbekiston va Vengriya oʻrtasidagi sarmoyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillarining oʻzaro munosabatlarini har tomonlama mustahkamlashga qaratildi.
Forumning ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev hamda Vengriya tashqi ishlar va tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri Peter Siyyarto ishtirok etdi.
Tadbirni ochib berar ekan, Peter Siyyarto ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlarni rivojlantirishdagi ijobiy dinamikani va Vengriya hukumati ikki mamlakat uchun ustuvor yoʻnalishlarda iqtisodiy sheriklikni izchil kengaytirish tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlayotganini qayd etdi hamda Vengriya biznes vakillarini oʻzbekistonlik tadbirkorlar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va mustahkamlashga chaqirdi.
Oʻzbekiston tomoni mamlakatimizda biznes yuritish uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar, jumladan, vizasiz rejim, valyuta siyosatini liberallashtirish, tadbirkorlik faoliyatini yanada ragʻbatlantirish, investorlar huquqlarini himoya qilishni va xususiy mulk daxlsizligini taʼminlashga qaratilgan yangi Taraqqiyot strategiyasi qabul qilinganini alohida taʼkidladi.
Vengriyalik tadbirkorlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga tayyorlik bildirildi. Shu munosabat bilan Vengriya kompaniyalari uchun Oʻzbekistonda alohida sanoat zonasi ajratish, mahsulotlarga eksklyuziv imtiyozlar berish va kafolatli xarid qilish, shuningdek, tashkil etilayotgan ustuvor loyihalarni moliyalashtirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan istiqbolli tashabbuslarni birgalikda amalga oshirish kabi aniq chora-tadbirlar qayd etildi.
Forum davomida venger kompaniyalariga investitsiyaviy imkoniyatlar, jumladan, farmatsevtika, qishloq xoʻjaligi, shuningdek, elektronika va elektrotexnika, toʻqimachilik, avtomobilsozlik, kimyo va qurilish sanoati sohalari haqida batafsil maʼlumot berildi.
Oʻtgan yil aprel oyida Oʻzbekistonga GSP+ benefitsiar maqomi berilgani tufayli Yevropa Ittifoqi hamda MDH bozorlariga imtiyozli chiqish imkoniyatlaridan foydalanib samarali sanoat kooperatsiyasi zanjirlarini yaratish istiqbollari vengriyalik ishlab chiqaruvchilarda katta qiziqish uygʻotdi.
Biznes-forum doirasida Oʻzbekiston va Vengriyaning vazirliklari, idoralari, tarmoq birlashmalari, banklari va yetakchi kompaniyalari rahbarlari oʻrtasida “G2G” va “B2B” formatidagi uchrashuvlar ham tashkil etilib, ular davomida ishtirokchilar qoʻshma korxonalar yaratish va oʻzaro manfaatli savdo shartnomalarini tuzish borasidagi masalalarni atroflicha ishlab chiqishga muvaffaq boʻldi.
Forum yakunlari boʻyicha Oʻzbekiston va Vengriya oʻrtasidagi iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish uchun yangi istiqbollarni ochib beruvchi qator ikki tomonlama hujjatlar, investitsiya bitimlari va eksport shartnomalari imzolandi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.