Xususan, shu yilning 2-dekabr kuni Finlyandiyaning Skillgrower kompaniyasi asoschisi Pasi Savola tomonidan Qoʻqon shahrida joylashgan 41 ta maktab direktorlari va matematika fani oʻqituvchilari uchun “Yosh avlodning matematik bilim va koʻnikmalarini taʼlim platformalari va sunʼiy intellekt texnologiyalari orqali rivojlantirish istiqbollari” mavzusida vebinar-trening tashkil etildi.

Finlyandiyaning Skillgrower kompaniyasi, Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining V.I.Romanovskiy nomidagi Matematika instituti va shahar prokuraturasi bilan hamkorligida Qoʻqon universitetida tashkil etilgan tadbirda Skillgrower platformasining imkoniyatlari, undan foydalanishning usul va vositalari, platformadan Oʻzbekiston sharoitida foydalanish va uning implementatsiyasini amalga oshirish yoʻllari hamda ijtimoiy yoʻnaltirilgan biznes loyihaning kelajakdagi imkoniyatlari haqida atroflicha maʼlumotlar berildi.

Xususan, Skillgrower kompaniyasi asoschisi, 2019-yilda oʻtkazilgan “Eng yaxshi startap” tanlovi gʻolibi Pasi Savola platformaning imkoniyatlari, undan foydalanishning usul va vositalariga toʻxtalib oʻtar ekan, mazkur platforma 4-18 yoshdagi bolalarning mustaqil bilim olish koʻnikmalarini oshirishi bilan birgalikda, olgan bilimlarini amaliyotda qoʻllash koʻnikmasini shakllantirishda ham muhim omil boʻlishini taʼkidladi.

Oʻz navbatida, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining V.I.Romanovskiy nomidagi Matematika instituti direktori oʻrinbosari Gʻolibjon Botirov platformaning oʻzbek tilidagi talqinini yigʻilganlarga namoyish qildi hamda oʻzbekistonlik oʻqituvchilar va oʻquvchilar uchun foydalanishlari uchun yaratilgan imkoniyatlar, bu orqali olingan bilimlarning taʼlim jarayonlariga tatbiq etish yoʻnalishlari haqida oʻz fikr va mulohazalari bilan oʻrtoqlashdi.

– Yil boshidan beri ushbu platformaga joylashtirilgan 18000 tadan ortiq turli misol va masalalar matematiklarimiz tomonidan oʻzbek tiliga tarjima qilindi. Bir tomondan ushbu davlatning matematikani oʻrganish boʻyicha tajribasi bilan yaqindan tanishgan boʻlsak, ikkinchi tomondan matematika fanini zamonaviy AKTdan foydalanib oʻrgatish boʻyicha tajriba orttirdik, – dedi Gʻ.Botirov.

Shuningdek, Finlyandiyaning Oʻzbekistondagi faxriy konsuli Alisher Joʻrayev ushbu platformaning amaliyotga tatbiq etilishi natijasida nafaqat matematika oʻqituvchilari, balki ota-onalar ham farzandlarining matematik bilimini kuzatib borishi, keng va mantiqiy jihatdan mushohada qilish qobiliyatlarining shakllanishi va rivojlanishini monitoring qilib borish imkoniyatiga ega boʻlishlarini taʼkidlab oʻtdi.

Tadbir yakunida platformadan foydalanish hamda uni yanada takomillashtirish yuzasidan oʻqituvchilarning ham taklif va mulohazalari tinglandi va bu borada hamkorlik aloqalarini davom ettirishga kelishib olindi, deyiladi inspeksiya axborot xizmati xabarida.