Yaponiya deganda ko‘z o‘ngimizda dunyoni texnologiya mo‘jizalari bilan lol etgan, taraqqiyot dolg‘alariga qaramay, milliy qadriyatlarini saqlab qolgan, qisqa muddatda obod va ma’mur davlat barpo qilgan o‘lka gavdalanadi. Darhaqiqat, mehnatkashu mirishkor, bunyodkoru ijodkor, kamtarinu kamsuqum bu millatdan juda ko‘p jihatlarni o‘rganish mumkin.

Sirtdan qaraganda, yaponlar hamma-hammasiga tug‘ma xislatlari bois erishgan degan yanglish xulosaga kelish mumkin. Aslida esa... Keling, asl haqiqatni Yaponiya taraqqiyot modelini bir qur tahlil qilgach, maqolaning xulosasida bayon etaylik.

Hayot-mamot masalasi

Yaponiyaning buguni haqida maqolayu risola o‘qigan mushtariy, ehtimol, bu fikrimizni daf’atan qabul qila olmasligi mumkindir, ammo o‘tgan asrning 80-yillarida kunchiqar o‘lka ta’lim-tarbiya borasida ulkan muammolar domida qolgan edi. Muallimlarga nisbatan hurmatsizlik, sinfxonalardagi tartibsizlik, darsdan bo‘yin tovlash kabi illatlar butun mamlakat bo‘ylab tarqalgan edi. O‘quvchilar o‘rtasida mushtumzo‘rlik, noravo muomala-munosabat keng quloch yoygani ham ta’lim-tarbiya islohtalab ahvolda ekanidan dalolat berardi. Boz ustiga, o‘smirlarning ijtimoiy mas’uliyatdan qochishi, shaxsiy manfaat va boylikka ruju qo‘yishi, hoyu havaslarga berilishi oqibatida mayda huquqbuzarliklar ko‘payib ketgan edi.

Ulug‘ ma’rifatparvar adib, o‘zbek pedagogikasining otalaridan biri Abdulla Avloniy “Tarbiya biz uchun yo hayot — yo mamot, yo najot — yo halokat, yo saodat — yo falokat masalasidur”, deganda yuz karra haq edi. Yapon faylasufi Fukudzava Yukitining “Mamlakat hurriyati va sha’nini munosib himoya qilmoq uchun, avvalo, millatning intellektual salohiyatini oshirish kerak” degan fikri ham Avloniy nuqtayi nazariga hamohangdir.

Ta’lim-tarbiya millat kelajagini belgilovchi bosh omil ekanini teran anglagan yaponlar bu jabhada jiddiy islohotlar o‘tkazishga kirishdi.

Birinchi navbatda, ta’limga oid qonunchilik me’yorlari tubdan yangilandi. Jumladan, 1947-yildan amal qilib kelgan ta’lim to‘g‘risidagi qonun jamoa ruhiyati, o‘zgalarga g‘amxo‘rlik, an’analarni hurmat qilish, xudbinlikni cheklab, xalqsevarlikni kuchaytirish tamoyillari asosida takomillashtirildi. Maktabning vazifasi shunchaki bilim berish emas, balki mas’uliyatli, millatsevar fuqaroni tayyorlash etib belgilandi.

Ikkinchidan, odob-axloq darslariga jiddiy e’tibor qaratildi. Jumladan, 2018-2019-yillardan boshlab “dotoku” (odob-axloq) ixtiyoriy mashg‘ulotdan majburiy fanga aylantirildi. Eng muhimi, ushbu fanning metodikasi zamon talablari asosida yangilandi: bolalarga “yolg‘on gapirmanglar” qabilidagi quruq va’zxonlik, zerikarli didaktika o‘rniga real hayotiy vaziyatlar (keyslar) asosida saboq berish yo‘lga qo‘yildi.

Uchinchidan, kenja avlodga mehnatsevarlik fazilati singdirila boshladi. Xususan, “osoji” amaliyoti doirasida o‘quvchilar o‘z maktabi, sinfxonalarini tozalashga odatlandi. Vazirning farzandi ham, zavod ishchisining farzandi ham bab-baravar peshona teri to‘kish ko‘nikmasini o‘zlashtirdi. Buning ortidan yapon maktablarida farroshlarga ehtiyoj qolmadi.

Qonun, axloq va amaliyot uyg‘unligida ko‘rilgan chora-tadbirlar qisqa muddatda o‘z mevasini berdi. Maktablarda tartib-intizom tiklandi, ta’lim sifati yuksaldi, o‘quvchilar orasida jinoyatchilik kamaydi. Hozir Yaponiya maktab ta’limi dunyoda eng yuqori o‘rinlardan birini egallaydi. O‘quvchilarning savodxonlik darajasi deyarli 100 foizni tashkil etadi. PISA tadqiqotlarida yapon o‘quvchilari matematika, tabiiy fanlar va o‘qish savodxonligi bo‘yicha doimiy ravishda kuchli beshtalikka kiradi.

Yapon futbol muxlislari jahon chempionatlari va xalqaro musobaqalarda o‘yindan so‘ng stadion tribunalarini tozalab ketishi bilan tilga tushgan. Bu odat ham yaqin yillarda ta’lim-tarbiya sohasida amalga oshirilgan choralar mahsulidir.

Albatta, “Har to‘kisda bir ayb”, deganlaridek, Yaponiya ta’lim muassasalarida kamchiliklar ham talaygina va biz bu tizimni ideallashtirish fikridan yiroqmiz. Ammo kunchiqar o‘lka ta’lim islohotlari borasida ko‘rsatgan iroda, jasorat, tizimlilik, mas’uliyat, kreativlik xususiyatlaridan ibrat olish lozim.

Sabr qilsang, g‘o‘radan halvo bitar

Yo‘lingiz tushib, Yaponiyaning Tokio, Osaka, Nagoya kabi shaharlariga borsangiz, jamoat joylaridagi tartib-intizom va orastalikni ko‘rib, hayratga tushishingiz aniq. Bir necha o‘n millionli megapolislarda kiroyi ozodalik va qoyilmaqom intizomni ta’minlash uchun qancha xarajat, qancha harakat qilmoq kerak?!

Inglizlarda “Rim bir kunda bunyod bo‘lmagan” degan naql bor. O‘zbekona aytganda, bu “Sabr tagi — sariq oltin” yoki “Sabr qilsang, g‘o‘radan halvo bitar”, degani. Yaponlar ham jamoat joylarida hozirgidek tozalik va intizomga temirdek chidam, po‘latdek iroda evaziga erishgan.

1970-yillarda Tokioda “chiqindi urushi” deb nom olgan ijtimoiy mojaro ro‘y bergan: poytaxt tumanlari bir-birining chiqindisini qabul qilishdan bosh tortgan. Odamlarning ko‘cha-ko‘yga keraksiz ro‘zg‘or anjomlari, televizoru muzlatkich kabi eski buyumlarni kishibilmas tashlab ketishi odatiy holga aylangan edi. Oqibatda shaharu qasabalarda chiqindi tog‘lari hosil bo‘lgan. 1981-yilda vokzallar atrofida bir millionga yaqin nosoz velosiped tashlab ketilgan. Jamoat joylarida tamaki chekish ommaviy tus olgan edi. Poyezd yoki metroda baland ovozda suhbatlashish, janjallashish, jamoat transportida mast holda uxlab qolish holatlari ham ko‘p uchrardi.

Davlat va jamiyat bir yoqadan bosh chiqargan holda ushbu illatlarga barham berish yo‘lida keng ko‘lamli choralarga kirishdi. Tozalikni ta’minlash maqsadida 2001 yilda maishiy texnikani qayta ishlash to‘g‘risidagi qonun qabul qilindi. Noqonuniy chiqindi tashlagan jismoniy va yuridik shaxslarga yuz millionlab iyena jarima, qamoq jazolari joriy etildi. Chiqindi saralashni nazorat qilish politsiya emas, balki mahalla qo‘mitalariga yuklandi. Jamoat maskanlarida chekish uchun otning kallasidek jarima tayinlandi. Noto‘g‘ri saralangan chiqindini maxsus stiker yopishtirgan holda egasiga qaytarish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Bu esa yaponiyaliklar uchun uyatli holat darajasiga olib chiqildi.

Qiziq vaziyat shuki, yaponlar ko‘cha tozaligini saqlash uchun chiqindi qutilarini ko‘paytirmadi, aksincha, kamaytirdi. Natijada odamlarda chiqindisini o‘zi bilan olib ketish va saralash mas’uliyati paydo bo‘ldi. Farroshlar shtati ham keskin qisqardi.

Kashandalik qat’iy tartibga solindi: aholi gavjum joylarda kuchli ventilyatsiya tizimi o‘rnatilgan maxsus chekish xonalari qurildi.

Ichimlik idishlarini to‘plash tizimlashtirildi: avtomatlardagi teshiklar faqat idish sig‘imiga mos bo‘lgani plastik idishlarning 90 foizidan ortig‘ini darhol qayta ishlash zavodiga yo‘naltirish imkonini berdi.

Sirasini aytganda, chiqindini saralash madaniyati va jamoat nazorati yaponlarni eng intizomli tabiat muhofizlari — ekologlarga aylantirdi. Ta’sir va ta’zir choralari orqali shaharlar noqonuniy qo‘yib ketilgan transportdan butunlay tozalandi. Yaponiya shaharlari dunyodagi eng ozoda, musaffo hududlar ro‘yxatidan o‘rin oldi. Megapolislarda ham ko‘chalarning yog‘ tushsa yalagudek holatda ekani, hatto ariq va kanallarda baliqlar suzib yurishi... chindan-da, havas qilsa arziydigan natija!

Jamoat joylarida osoyishtalik va intizom o‘rnatish bo‘yicha oqilona usullar qo‘llandi. Masalan, lingvistik muhandislik usuliga muvofiq, mobil operatorlar smartfondagi “Ovozsiz rejim”ni “Odob rejimi” deb o‘zgartirdi.

Tartib-intizom va madaniyatni targ‘ib etishda OAV va san’at kuchidan unumli foydalanildi. Masalan, 2008-yildan Tokio metropolitenida “Iltimos, bunday xatti-harakatlarni uyingizda qiling!” degan kampaniya doirasida har oy yangilanadigan vizual posterlar turkumi e’lon qilindi. Karikatura ruhidagi posterlar orqali bamisoli jamiyat ahliga ko‘zgu tutildi. Jamoat nazorati kuchayib, politsiyaga zarurat kamaydi. Pirovardida jamoat transportida shovqin-suron solish, telefonda so‘zlashish holatlari butunlay yo‘qoldi. Odamlarda o‘zgalarga hurmat hissi mustahkamlandi. Deylik, bugun Yaponiya jamoat transportidagi tirband vagonda yo‘lovchining sumkani orqasiga osib olishi, oyoqlarni yoyib o‘tirishi, ho‘l soyabonni ochiq holda avtobusga olib chiqishi kabi kichik qusurlarga ham barham berilgan.

“Dil ba yoru dast ba kor”: unutilgan hikmat

Yapon mo‘jizasining bizga zarur yana bir yo‘nalishi rahbarlik madaniyatining islohidir. 1990-yillargacha bu mamlakatda rahbarning qo‘l ostidagi xodimlarni boshqalar oldida haqorat qilishi, hujjatni yuziga otishi “qattiqqo‘l boshqaruv usuli” deb xaspo‘shlanar edi. Vaqt o‘tishi bilan inson qadr-qimmatini poymol etuvchi ushbu holatga huquqiy baho berildi. 2000-yillarda rahbarlarning vakolatdan foydalanib zo‘ravonlik qilishi (pava xara) faol muhokama qilindi. Jamoatchilik taklifi asosida Yaponiya parlamenti bunga doir maxsus qonun qabul qildi. Unda xodimni tahqirlash, kamsitish, unga asossiz ravishda ortiqcha ish yuklash huquqbuzarlik deb belgilandi. Barcha kompaniyalarda anonim shikoyat tizimi yaratildi. Yuqorida zikr etilgan xatti-harakatlarni sodir etgan mansabdorlarga keskin choralar qo‘llandi. Shu tariqa yapon mansabdorlari xodimlarga qo‘liyu ovozini ko‘tarish odatidan voz kechdi. Boshqaruv va rahbarlik madaniyati yuksaldi.

2016-yilda yangi O‘zbekistonda “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak!” degan talab ilgari surildi. Bu — Yaponiya tajribasiga mushtarak, balki undan-da kengroq tamoyil. Bu ikki hayotbaxsh yondashuv bir-birini to‘ldirishi aniq.

Kunchiqar o‘lka ziyolilarini xavotirga solayotgan yana bir jihatni aytib o‘tmasak bo‘lmaydi. Globallashuv jarayonining kuchayishi, G‘arb madaniyatining kirib kelishi ortidan yaponlar o‘z tarixiy ildizlari, qadriyatlaridan uzilish xavfiga ro‘baro‘ keldi. Mamlakat g‘arbona individualizm, iste’molchilik kayfiyatining kuchayishi, oila institutining zaiflashuviga sintaviylik, buddaviylik ta’limotlari va adabiyot, san’at, madaniyat vositasida javob berishga intilmoqda.

Keyingi vaqtlarda bizning jamiyatimizda mehnatga munosabat o‘zgarmoqda. Ayrim vatandoshlarimizda jismoniy mehnatdan uyalish, “Farzandim qora ishda ishlamasin” qabilidagi yondashuv, deylik, farrosh yoki ofitsiantga nisbatan past nazar kuzatilmoqda. Yaponiyada mehnat qilish kult darajasiga chiqqan. Yuqorida qayd etganimizdek, bolalar maktabdanoq mehnatga o‘rgatiladi. Hatto pensiyaga chiqqan qariyalar ham maoshdan voz kechib bo‘lsa-da, jamiyat koriga yaraydigan biror faoliyat bilan shug‘ullanadi.

Shu o‘rinda ulug‘ mutasavvif Xoja Bahouddin Naqshbandning “Dil ba yoru dast ba kor” (Qalbing Yaratganda, qo‘ling mehnatda bo‘lsin) hikmatini yodga olish lozim. Naqshbandiya tariqatining tamal g‘oyasi bo‘lmish ushbu hikmat vositasida o‘z davrida jamiyatda tilanchilik, tarki dunyochilik rad etilib, halol luqma topish ibodat darajasiga ko‘tarilgani holda o‘ziga xos inqilobiy islohot o‘tkazilgan edi.

Yaponlarga xayrixoh ekanimiz sababi nimada?

Hech e’tibor qaratganmisiz, biz Yaponiyaga o‘zgacha havas, ayricha xayrixohlik bilan qaraymiz. Masalan, Germaniya yoxud AQSH erishgan yutuqlarni ko‘rganimizda qalbimizning tub-tubida “Har holda ular G‘arb davlatlari” degan taskin-tasalli uyg‘onadi. Ammo yaponlar erishgan muvaffaqiyatlarni ko‘rganda “Buni biz ham qila olamiz, axir, biz ham Sharq vakilimiz” degan umidbaxsh fikr o‘tadi xayolimizdan. Darhaqiqat, o‘zbek va yapon millatlari o‘rtasida mushtarak, uyg‘un jihatlar talaygina.

Bizda ham tozalik, ozodalik ilohiy majburiyat darajasiga ko‘tarilgan. Bu talabga rioya eta olmayotganimiz — boshqa masala. Ota-bobolarimiz nonning ushog‘ini ham ehtiyotlagan, yegulik iste’molimi, engil-bosh kiyishmi — hamma masalada isrof, uvoldan hazar qilgan. Kunchiqar o‘lkaning “mottainay” falsafasi ham isrof, uvoldan saqlanishni targ‘ib etadi.

Boshqalarga yuk bo‘lmaslik, o‘zgalarda tashvish uyg‘otmaslik (meyvaku kakenay) yapon tarbiyasining o‘zagini tashkil etadi. Bu o‘zbekona andishaga uyg‘un tushunchadir.

Yaponlarda jamoat nazoratining “haji” deb atalgan qudratli mexanizmi mavjud. Jinoyat yoki axloqsizlik qilgan odamning sharmandaligi butun oilasiga, u ¬ishlaydigan ¬jamoaga ham tegadi. “Uyat — o‘limdan qattiq” deganlaridek, nomaqbul xatti-harakatni sodir etgan shaxs uchun jamoatchilik nafrati eng oliy jazo sanaladi. Korrupsiya yoki og‘ir jinoyatlar bilan bog‘liq holatlarni qo‘ya turaylik, hatto majlisga kechikish kabi uzrli ko‘riladigan holatlarda ham yapon mansabdorlari, yirik kompaniya rahbarlari xalqdan, hamkasblaridan bosh eggan holda kechirim so‘rashi odati ham ayni shu “haji” tushunchasi bilan izohlanadi.

Bizda ham el-yurt qarshisida sharmanda bo‘lish o‘limdan-da og‘ir musibat sanaladi. Birgina “Falon ishni qilsang, uyat bo‘ladi!” degan tanbeh, ogohlantirish zamirida andisha, oriyat va nomus tuyg‘ulari mujassam.

Bizning mahalla boshqaruvimiz va yaponlarning “chonaykay” tizimi ham ko‘p jihatdan bir-biriga mos keladi.

Ikki xalq o‘rtasidagi egizak xislatlar, mushtarak jihatlar haqida ko‘p va xo‘b yozish mumkin. Qissadan hissa shuki, biz millatimizga butkul begona bo‘lgan tajribani o‘rganish va tatbiq etish haqida emas, balki o‘zimizda mavjud bo‘lgan, muayyan omillar sabab unutilgan xislat va fazilatlarni qayta tiklash haqida gapirmoqdamiz. Eng muhimi, yapon tajribasidan foydalanar ekanmiz, xoh ta’lim-tarbiya, xoh madaniyat, xoh shaharsozlik jabhasida bo‘lsin, o‘zgarish va islohotlarni davlat — jamiyat — xalq birligida, kompleks chora-tadbirlar vositasida amalga oshirishimiz lozim.

Prezidentimiz 2025-yil dekabrda Yaponiyaga tarixiy tashrifi davomida imperator Naruxito, bosh vazir Sanae Takaichi bilan muzokara o‘tkazdi. Ushbu uchrashuvlarda ham o‘zbek va yapon xalqlari geografik jihatdan bir-biridan olis bo‘lishiga qaramay, ularni mentalitetlar, urf-odatlar va oilaviy qadriyatlar o‘xshashligi, shuningdek, ildizlari Buyuk ipak yo‘li davriga borib taqaladigan ko‘p asrlik tarixiy aloqalar bog‘lab turishi qayd etildi. Chindan-da, ikki xalq ma’naviy-ma’rifiy, ilmiy-ijodiy salohiyat borasida ham bir-birini to‘ldirishi aniq.

Millatning billurlanishi

Nihoyat, maqola debochasida ko‘tarilgan masalaga yetib keldik. Ayon bo‘lmoqdaki, yapon mo‘jizasining siri ushbu millatning tug‘ma fazilatlarida emas, balki aql-zakovat, sabr-matonat bilan amalga oshirilgan madaniy islohotlarda, mashaqqatli izlanishlarda! Ulug‘ tarjimon va adabiyotshunos Ibrohim G‘afurov millatning o‘zini tarbiyalashi, komillik sari intilishini “millatning billurlanishi”, deb atagan edi. Bugun biz havas qilayotgan Yaponiya ham 25-30 yilda “billurlanish” jarayonini bosib o‘tdi. Bu borada qonunchilik amaliyoti, jamoatchilik nazorati, zamonaviy pedagogik yondashuvlar, axboriy vositalardan unumli foydalanildi. Milliy-diniy an’ana va ko‘p asrlik falsafiy qarashlar esa poydevor vazifasini o‘tadi.

Diqqatga molik jihat shuki, islohotlar jarayonida nafaqat shaharlarning tashqi qiyofasi, infratuzilmalar, balki insonlarning dunyoqarashi, tafakkuri ham o‘zgardi, an’analar yangilandi. “Bir qilgan — madad, ikki qilgan — odat”, deydilar. Dastlab piyoda yoki haydovchilar jarima jazosi yoxud jamoatchilik dashnomidan qo‘rqqan holda svetoforning taqiq ishorasiga itoat etgan bo‘lsa, chorak asr ichida qizil chiroqqa bo‘ysunish yangi avlod uchun tabiiy refleksga aylandi. Buni bemalol “madaniyat muhandisligi” deb atash mumkin.

Yapon tajribasi yuksak madaniyat xalqning genetik xususiyati emas, balki davlat va jamiyat birgalikda amalga oshiradigan uzoq muddatli loyiha ekanidan dalolat beradi. Alqissa, dunyoda biror-bir inson ona qornidan donishmand bo‘lib tug‘ilmaydi. Millatlar ham ta’lim-tarbiya orqali takomil kasb etadi. Prezidentimiz boshchiligidagi ulkan islohotlardan ko‘zlangan ezgu maqsad ham shu: tarixiy an’analar, boy meros va zamonaviy ilm-fanga tayangan holda millatimizning ma’naviy saviyasi, intellektual darajasini yanada yuksaltirish va Uchinchi Renessans poydevorini shakllantirishdan iborat.

Toshkentdagi “Fozil ota” qabristonida Ikkinchi jahon urushidan keyin asir o‘laroq yurtimizga kelib qolgan o‘nlab yapon askarlari mangu qo‘nim topgan. Bu qabristonni obod qilishda bir o‘zbek oilasining uch avlodi — Fozil ota, Miroqil Fozilov va Xurram Fozilovning xizmati katta. Darvoqe, 40 yil davomida mazkur qabristonni obod qilib kelgan Miroqil Fozilov 2017-yilda Yaponiyaning “Ko‘tarilayotgan quyosh, kumush nurlar” imperatorlik ordeni bilan taqdirlangan.

“Fozil ota” qabristonida har yili mart oyida sakura gullaydi. Qiyg‘os gullab barchaning ko‘ngliga ko‘klam iliqligini olib kiruvchi bu og‘ochlar yigirma yilcha muqaddam Yaponiyadan keltirib ekilgan. Qarangki, yapon sakurasi o‘zbek tuprog‘ida o‘z vatanidagidek unib o‘smoqda. Bu shunchaki shoirona metafora emas, real faktdir. Demak, o‘zga xalqning ilg‘or madaniyati urug‘ini zaminimizga qadab g‘amxo‘rlik qilsak, u ildiz otadi, gullaydi va mo‘l-ko‘l hosil beradi. Zero, taraqqiyparvar g‘oyalar, ilg‘or qarashlar butun insoniyatning mulkidir.

Olimjon DAVLATOV