“O‘zbekgidroenergo” – barqaror energiya va xalqaro ishonch ramzi: Fitch Ratings kompaniya reytingini “BB” barqaror darajasida tasdiqladi

    O‘zbekistonning barqaror energiya sohasidagi yetakchi kompaniyasi – “O‘zbekgidroenergo” AJ xalqaro Fitch Ratings agentligi tomonidan yana bir bor “BB” darajasidagi, “barqaror” prognozli kredit reytingi bilan tasdiqlandi.

    Ushbu natija nafaqat kompaniyaning moliyaviy barqarorligini, balki O‘zbekiston gidroenergetikasining yangi bosqichga chiqib borayotganini tasdiqlaydi.

    Fitch‘ning baholashiga ko‘ra, “O‘zbekgidroenergo” AJ so‘nggi yillarda moliyaviy natijalar, tavakkalchiliklarni boshqarish va korporativ boshqaruv samaradorligi sohasida muhim yutuqlarga erishdi. Kompaniyaning mustaqil kredit darajasi investorlar uchun ishonchli muhit yaratilganligini anglatadi.

    Kompaniya so‘nggi yillarda to‘liq o‘z mablag‘lari va davlat kafolatisiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri kreditlar hisobidan moliyalashtirilayotgan yirik loyihalar portfelini amalga oshirmoqda. Fitch taʼkidlaganidek, “O‘zbekgidroenergo”ning moliyaviy siyosati ehtiyotkorlik va uzoq muddatli barqarorlik tamoyillariga asoslanib, FFO leverage ko‘rsatkichi 2-3x darajasida saqlanmoqda – bu esa, xalqaro andozalar bo‘yicha mustahkam moliyaviy baza hisoblanadi.

    Kompaniyaning 2030-yilgacha bo‘lgan Rivojlanish strategiyasi doirasida 3,6 trln so‘mlik yillik investitsiya dasturi, mavjud GESlarni modernizatsiya qilish va yangi gidroquvvatlarni qurish orqali mamlakatning yashil energiya salohiyatini oshirishga qaratilgan.

    “O‘zbekgidroenergo”ning Fitch tomonidan “BB” barqaror darajasida tasdiqlanishi – bu kompaniyaning moliyaviy samaradorligiga berilgan baho emas, balki O‘zbekistondagi barqaror energiya inqilobining xalqaro darajada tan olinishidir. Bu natija mamlakatning energetik mustaqilligi, atrof-muhit muhofazasi va ESG tamoyillariga sodiq rivojlanish yo‘lining amaliy isbotidir.

    ““O‘zbekgidroenergo”ning barqaror reytingni saqlab qolishi – bu faqat natija emas, balki yangi maqsadlar uchun kuchli asos. Biz milliy energiya tizimini xalqaro standartlar darajasiga olib chiqishda davom etamiz,” – deb taʼkidlaydi kompaniya rahbariyati.

    Axborot xizmati

    Reklama