Dastlab, mazkur loyiha yuzasidan ikki tomonlama uchrashuv boʻlib oʻtdi. Taʼkidlash lozimki, mazkur loyiha Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumanidagi Xoʻjakent obyektida barpo etiladi. GAESning quvvati 200 MVt boʻlib, yillik oʻrtacha ishlab chiqarish quvvati 400,0 mln. kVt.soat elektr energiyasiga teng.
Ikki tomonlama boʻlib oʻtgan uchrashuvda “Oʻzbekgidroenergo” AJ Boshqaruvi raisi A. Sanginov hamda “K-water” kompaniyasining vitse-prezidenti Lee Jong Jin, kompaniya bosh direktori Cheon Geun Ho, kompaniya katta menejeri Kim Jeong Myeong, global biznes tarmogʻi boʻyicha bosh direktor oʻrinbosari Kim Jeong Myeong lar ishtirok etishdi.
Muzokaralar yakuni boʻyicha hamkorlik shartnomalarini muhokama qilish uchun dastlab Xoʻjakent GAES qurilishi loyihasining dastlabki texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish zarurligi toʻgʻrisida ikki tomonlama qaror qabul qilindi.
Muzokaralar yakunida Xoʻjakent GAES qurilishi loyihasi yuzasidan “Oʻzbekgidroenergo” AJ va Koreya Respublikasining “K-water” korporatsiyasi oʻrtasida oʻzaro anglashuv memorandumi imzolandi.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje Inning taklifiga binoan 2021-yil 16-18-dekabr kunlari davlat tashrifi bilan Janubiy Koreyada boʻlib, mazkur tashrifi chogʻida “yashil” iqtisodiyot, raqamlashtirish, innovatsiyalar va yuqori texnologiyalar, taʼlim, sogʻliqni saqlash va boshqa ustuvor yoʻnalishlarda amaliy hamkorlik boʻyicha dastur va loyihalarni ilgari surishga alohida eʼtibor qaratgan edi.
Mazkur memorandum va oʻzaro hamkorlik ishlari Yangi Oʻzbekistonning 2022–2026-yillarga moʻljallangan Taraqqiyot strategiyasida yurtimizda “yashil” energetika sohasini kelgusida yanada rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar dasturi doirasida, shuningdek, Jamiyat tomonidan qayta tiklanuvchi energiya manbalarini yanada rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilgan yirik loyihalardan biridir.
“Oʻzbekgidroenergo” AJ Axborot xizmati