Tashrif dasturiga muvofiq, Anqara shahrida ikki davlat rahbarlari raisligida Strategik hamkorlik kengashining toʻrtinchi yigʻilishini oʻtkazish rejalashtirilgan.
Muzokaralarda Oʻzbekiston – Turkiya keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish masalalari diqqat markazida boʻladi.
Siyosiy muloqotni rivojlantirish, tovar ayirboshlashni oshirish, ustuvor iqtisodiy tarmoqlarda kooperatsiya loyihalarini ilgari surish hamda transport jihatidan oʻzaro bogʻliqlikni mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratiladi.
Shuningdek, faol madaniy va gumanitar almashinuvlarni davom ettirish masalalari ham koʻrib chiqiladi. Xalqaro va mintaqaviy kun tartibining dolzarb jihatlari yuzasidan fikr almashiladi.
Oliy darajadagi muzokaralar yakunida salmoqli hujjatlar toʻplamini imzolash koʻzda tutilgan.
Bundan tashqari, ikki mamlakat yetakchilari qator qoʻshma tadbirlarda ishtirok etadilar.